Butun dunyo bo‘ylab umumiy ovqatlanish maskanlari qayta ish boshlamoqda, biroq ularga yangicha talab qo‘yilgan — ular koronavirus tarqalishining oldini olish uchun ijtimoiy masofalanishni ta’minlab berishi kerak. Forbes ushbu muammoga kreativ yondashayotgan ko‘plab kafe va restoranlarning suratlarini to‘plab taqdim etdi.

Yaponiyadagi pahmoq kapibaralar

Foto: Reuters

Yaponiyadagi Izu-Shaboten hayvonot bog‘i karantindan keyin 16-may kuni ochilgan. “O‘rmon hayvonlari” restoranida niqoblar va dezinfeksiyalovchi vositalardan tashqari turli yirtqichlar ko‘rinishidagi pahmoq o‘yinchoqlar yordamida ijtimoiy masofalanishga rioya qilinmoqda. Ular orasida kapibaralar, kichkina panda va jirafalar ham bor.

Italiyada yuz uchun himoya ekranlari

Foto: Reuters

Italiyadagi MARGstudio arxitektura byurosi pandemiyadan so‘ng, do‘kon va restoran mijozlariga tarqatish mumkin bo‘lgan himoya ekrani dizaynini taqdim etdi. Ekran plastik himoya va shishirma karkasdan iborat. Yaqin orada u ishlab chiqarishga joriy etiladi, hozircha esa bir necha muassasada testdan o‘tkazilmoqda.

Germaniyadagi antiqa bosh kiyimlar

Foto: Reuters

Karantindan keyin ochilgan Rothe kafesi polga yozilgan belgi yoki yuz uchun himoya ekranlardan foydalanmasdan ijtimoiy masofalanishga rioya qilishning o‘ziga xos usulini qo‘lladi. Buning uchun mehmonlarga suzish uchun mo‘ljallangan yorqin tayoqlar o‘rnatilgan somon bosh kiyimlar tarqatilmoqda.

Amsterdamdagi “issiqxona”

Foto: Reuters

Amsterdamdagi Mediamatic ETEN restorani ijtimoiy masofalanishning yangicha usulini o‘ylab topdi. Mehmonlar “issiqxonalar”da o‘tirmoqda — oynali kabinkalarga uchtagacha odam sig‘adi. Himoya ekrani taqib olgan ofitsantlar taomlarni uzun taxtalar yordamida mehmonlarga uzatadi.

Tailanddagi diagonallar

Foto: Reuters

Bangkokdagi ovqatlanish muassasalaridan birining egasi tashrif buyuruvchilarni bir-biriga nisbatan diagonal tarzda o‘tqizmoqda.

Gonkongdagi izolentalar

Foto: Reuters

Starbucks’ning Gonkongdagi qahvaxonalaridan birida stol va stullarning bir qismi izolentalanib chiqilgan.

Vyetnamdagi to‘siqlar

Foto: “TASS”

Restoranlar plastik to‘siqlardan himoya vositasi sifatida foydalanmoqda.