“Tottenhem” bosh murabbiyi Joze Mourinyo 2010-yilda “Inter”dan “Real” boshqaruviga yo‘l olganini yodga oldi. Mutaxassis “Barselona”ga qarshi kechgan Chempionlar Ligasi 1/2 final javob bahsidan keyin Milanni tark etish qaroriga kelgan.

Foto: Getty Images

“Barselona”ga qarshi javob o‘yinidan keyin qaror qabul qildim, sababi Chempionlar Ligasida g‘olib chiqish arafasida ekanimizni bilgandim. Buni Morattiga aytgandim. O‘yindan so‘ng u bilan quchoqlashdik, u ketishga va baxtli bo‘lishga haqqim borligi aytdi. Biroq men Milanda Madriddagidan baxtli edim”, — deydi Mourinyo.

Ayrim xabarlarda Joze Chempionlar Ligasi finalidan avval “Real” bilan shartnoma imzolab qo‘ygani haqida aytiladi, biroq portugaliyalik mutaxassis ularni inkor etdi.

“Agar finaldan so‘ng ismimni aytib kuylayotgan muxlislar bilan Milanga qaytganimda, balki, u yerdan hech qachon keta olmasmidim...

Men Madridga ketishni istadim. Ular bir yil avval meni chaqirishgandi, Morattiga bu haqida aytganman, biroq u meni qolishga ko‘ndirgandi. “Chelsi”ni boshqarayotgan paytimda ham “Real” taklifini rad etganman, ammo madridliklarga uchinchi marta “yo‘q” deb bo‘lmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Joze.

Mourinyo 2009/10-yilgi mavsumda “Inter” bilan A Seriya, Italiya Kubogi va Chempionlar Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan holda “trebl” qayd etadi. Mavsum yakunlangach u “Real” boshqaruviga tayinlanadi. 2013-yilga qadar ispan grandini boshqargan Mourinyo La Liga, Ispaniya Kubogi va Superkubogida zafar quchgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!