Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida 18-may kuni Captiva avtomobili va velosiped ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda YHXBB xabar bermoqda.

Foto: YHXBB

Hodisa soat 14:40 larda “Qo‘riq” mahallasi hududidan o‘tgan A-373B Qo‘qon shahriga kirish avtomobil yo‘lining 21-kilometrida yuz bergan. 1992-yilda tug‘ilgan S.M. boshqaruvidagi Captiva o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib, e’tiborsizlik qilib chap tomonga to‘satdan qayrilgan velosipedchi, 1966-yilda tug‘ilgan I.T.ni urib yuborib, YTH sodir etgan.

Foto: YHXBB

54 yoshli erkak og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan.

Foto: YHXBB

Mazkur YTH yuzasidan Dang‘ara tuman IIB huzuridagi TB tomonidan JKning 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Joriy yilning may oyida velosipedchilarning o‘limi bilan bog‘liq boshqa YTHlar ham yuz bergandi. Jumladan, 11-may kuni Toshkent viloyatining Chinoz tumanida Isuzu avtobusi velosipedchini, 13-may kuni Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida “Kamaz” yuk mashinasi velosipedchini urib yuborgandi.