O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Sardoba suv omboridagi avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlariga ko‘maklashish maqsadida tezkor ravishda tibbiyot xodimlaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Vazirlik tomonidan aholiga tibbiy yordam berish va ushbu hududda turli infeksiyalar tarqalmasligi uchun qat’iy ehtiyot choralarini ko‘rish hamda epidemik vaziyatni to‘liq nazoratga olishning aniq rejasi ishlab chiqildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ayni paytda Sirdaryo viloyatida vazirlik rahbariyati boshchiligida reanimatolog, kardiolog, terapevt, nevropatolog, endokrinolog, travmatolog, infeksionist, epidemiolog kabi qator mutaxassislardan iborat shtab tuzilgan.

“Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatuvchi 200 dan ziyod tibbiyot xodimi talafot ko‘rganlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shimcha kuch sifatida safarbar etildi”, — deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ular suv toshqini oqibatida zarar ko‘rganlar va evakuatsiya qilingan aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, hududda yuqumli kasalliklar tarqalishini oldini olish maqsadida sanitar talablarga rioya qilish, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish kabi vazifalarni bajarmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan Sirdaryo viloyatiga 50 turdagi eng zarur dori-darmonlar, portativ UTT, kardiomonitor, pulsoksimetr, pirometr kabi ko‘plab turdagi tibbiy jihozlar, 700 ming dona shaxsiy himoya va gigiyena hamda dezinfeksiya vositalari ham yuborilgan.

“Ushbu keltirilgan tibbiy jihozlar, dori-darmon va shaxsiy himoya vositalari tuman tibbiyot birlashmasi, tez tibbiy yordam stansiyalari bilan bir qatorda ofatdan jabrlanganlar va evakuatsiya qilingan aholiga yetkazib berildi”, — deyiladi vazirlik axborotida.