1-qism

U nikaragualik quvg‘indi, isyonda qatnashgan qo‘zg‘olonchilar shtabida general edi. Agar o‘qi tugab qolmaganida hozir lotereya sotib yurmagan, aksincha Gvatemalada harbiy ministr bo‘lardi. Uni o‘limga hukm qilishadi. General undan so‘nggi tilagini so‘raydi. So‘nggi tilak esa sevgan ayolini so‘nggi marta ko‘rish bo‘lib, u qamoqxona tashqarisida turardi. Uning tilagi bajo keltiriladi. U ayolining bo‘yniga pichoq uradi. Ayoli uning qo‘llarida jon beradi. General esa undan bu ishni nima uchun qilganini so‘raganda: “Men uni sevardim” deydi. General uning mardligi uchun qamoqdan ozod qilib yuboradi.

Foto: Unsplash

Uning qisqacha tarixi shunday. Biroq uni hamma ham bilmaydi. Uni ham chandiqli kishi sifatida biladi. Chunki uning yuzida iyagiga qadar tushgan enli va qizg‘ish chandig‘i bor. Bu chandiq urush vaqtida ham, yoki janjal vaqtida ham orttirilgan emas. Shunchaki zanjabil sharobi shishasini ochayotgan bir vaqtda shisha sinib, uning yuzini chandiq qilgan.

Bu britaniyalik mashhur adib Somerset Moemga tegishli “Chandiqli kishi” (The man with the scar) hikoyasining qisqacha bayoni edi. Odamlar seni nimadir bilan eslashadi, yodida saqlab qoladi. Bu holat ko‘pincha tashqi ko‘rinish bilan bog‘liq bo‘ladi. “Chandiqli kishi” bilan ham shunday: u qanday ishlar qilgan bo‘lmasin, odamlar ko‘z o‘ngida birinchi navbatda yuzida chandig‘i bor kishi sifatida namoyon bo‘laveradi.

2-qism

U endigina ikki yoshda edi. Kunlarning birida u oilasi bilan jiddiy avtohalokatga uchraydi. Oilaning mashinasi yuk avtomobili bilan to‘qnashib ketadi. Uning yuzi esa avtomobilning old oynasiga urilib, jiddiy shikastlanadi. Bolakayning o‘ng yuzida kattagina uzunlikdagi ikkita chandiq qoladi. Yillar davomida uni chandiqlardan jarrohlik amaliyoti orqali yo‘q qilishga bir necha bor undashdi. Ammo har safar u bu takliflarni rad etdi. U bu borada shunday deydi:

“Albatta, ularning bo‘lmagani yaxshi edi. Agar bor bo‘lsa, undan uyalishdan ne naf? O‘zimni taniy boshlaganimdan beri bu chandiqlar yuzimda bor axir. Mabodo ular bo‘lmaganda hayotim qanday kechardi to‘g‘risi, bilmayman. Tasavvur ham qila olmayman. U menga kuch va xarakter berdi. Odamlar aynan shu chandiqlar sabab meni badbashara deb masxara qilardi. Qayerga bormay hamma menga qarardi. Shunchaki yaxshi o‘ynaganim yoki futbol uchun emas, balki chandiqlar sabab. Yoshligimda sinfdoshlarimning ota-onalari ustimdan kulganlarini eslayman. Ayniqsa yosh bo‘lganim uchun bu juda og‘ir edi. Lekin hech qachon yig‘lagan emasman. Alloh menga boshqalardan ajralib turish imkoniyatini berdi. Chandiqlar — bir bo‘lagim. Odamlar meni qayerga bormay, borimcha qabul qilgani ma’qul”.

Bu Bilol Yusuf Muhammadning kichik hikoyasi edi. U kim deysizmi? Albatta, to‘g‘ri topdingiz — Frank Riberi. Frank 2006-yilda islom dinini qabul qilgan va yuqoridagi ism-sharifni olgan. U jazoirlik Vohiba ismli ayol bilan oila qurgan.

Foto: Instagram

Chandiqli ikki kishi, ikki taqdir. Ikkisini ham yuzidagi chandiq sabab odamlar yaxshi taniydi. Biroq birinchisini odamlar faqat chandiqli kishi sifatida bilsa, ikkinchisi bu narsani, o‘sha stereotipni buzib yubora olgan, o‘z hayot yo‘lini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘la olgan inson sifatida biladi. Xo‘sh, bu hikoyalarni nega eslab qolding, deysizmi? O‘sha muvaffaqiyatli inson — Frank Riberi 7-aprel kuni o‘zining 37 yoshini qarshi oldi.

Uning faoliyati, sovrinlari, 2013-yil “Bavariya”dagi fantastik o‘yini va barcha sovrinlarni yutib ham “Oltin to‘p”dan mosuvo bo‘lgani haqida uzundan uzun hikoya qilmoqchi emasmiz. Shunchaki 37 yoshida ham futbol bilan xayrlashmagan, Xitoy, Qatar, AQSh klublaridan tushgan “yog‘liqqina” takliflarni rad etib, ko‘hna va go‘zal Florensiyaga yo‘l olishni afzal ko‘rgan Frankni tavallud kuni bilan g‘oyibdan bo‘lsa-da muxlislari nomidan tabriklab qo‘ymoqchimiz, xolos.

Nima ham deymiz, “Chandiqli kishi”, tug‘ilgan kuning muborak bo‘lsin!

Foto: Instagram

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!

Muallif:Asror Abdunazarov