Koronavirus sabab o‘zini o‘zi izolyatsiyalash qancha ko‘p davom etsa, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda yulduzlarning foto va videolari, chelenj va fleshmoblari soni ortaveradi. Tinib-tinchimagan mashhurlar zerikish va bekorchilikdan nimalarni o‘ylab topmaydi deysiz? Ayniqsa, moda chiqishlarida turli xil liboslarda yurgan modellarning uyda qolishi nima bilan tugashini taxmin qilish mumkin.
Amerikalik model Bella Hadid bahor kelishiga qaramay Instagram sahifasiga qishki kiyimda tushgan suratini joyladi, deb yozadi Elle. Suratdan Hadidning qalin kiyimlarini olib qo‘yishga ulgurmaganini bilish mumkin. Qalin vodolozka va shapkada suratga tushgan Bellaning tanlovi ko‘zga tashlanadigan olovrang bo‘lib, ushbu rang kishi kayfiyatini ko‘tarishi xususiyatiga ega.
Shuningdek, mazkur rang ushbu mavsumning eng dolzarb ranglaridan sanaladi. Hoynahoy, model uydaligida ranglar terapiyasi haqida ma’lumotlarni o‘rganib, maksimal darajada o‘zini tetik his qilishga va asablarini tinchlantirishga urinayotgandir.