Daryo

Qirg‘izistonda ham koronavirus aniqlandi

Virus Umra ziyoratidan qaytgan uch ayolda qayd etilgan

1 daqiqa o‘qish168 258 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Akipress

Qirg‘izistonning Suzoq tumanida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha uchta holat qayd etildi. Bu haqda 18-mart kuni mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Kosmosbek Cholponbayevga tayanib, Akipress xabar berdi.

Foto: Akipress

Gap Umra ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga borib kelgan uch nafar Qirg‘iziston fuqarosi haqida ketmoqda. Mamlakat koronavirusga tekshiriladigan davlatlar qatoriga kiritilmagan edi.

12-mart kuni ular Qirg‘izistonga qaytib kelgan va ulardan tahlil namunalari olingan. Ziyoratchilar shifokorlar nazorati ostida karantinda saqlanayotgan edi.

16-mart kuni Umradan qaytgan Suzoq tumani Blagoveshenka qishlog‘ida istiqomat qiluvchi ayolning tana harorati ko‘tarilib ketgan. U shifoxonaga olib kelinib, tahlil natijalari olinib, O‘sh viloyatiga yuborilgan. Ayol bilan birgalikda Saudiya Arabistonidan 8 kishi kelgan, ularning 3 nafarida koronavirus aniqlangan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar ayollarning yaqinlaridan ham tekshiruv uchun tahlil namunalarini olgan. Tadqiqotlar birinchi bosqichda O‘sh viloyatidagi laboratoriyada o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, barcha tahlil natijalari Bishkekka yuborilgan va u yerda koronavirus tasdiqlangan.

Avvalroq Qirg‘izistonda 16-martdan boshlab barcha maktablar va oliy ta’lim muassasalari 3 haftaga karantinga yopilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Qirg‘iziston hukumati koronavirus qayd etilgan davlatlarga borgan xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ygan. Mavzuga doir: Eslatib o‘tamiz, koronavirus tarqalgani sababli Uzbekistan Airways 27-fevraldan boshlab Toshkentdan Jidda va Madinaga bo‘lgan barcha qatnovlarni vaqtinchalik to‘xtatgan. 15-mart kuni esa O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq birinchi holat qayd etildi. Hozirda O‘zbekistonda 11 kishida koronavirus aniqlangan. Qozog‘istonda esa kasallikka chalinganlar soni olti nafarni tashkil etmoqda.
Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar