Qirg‘iziston hukumati koronavirus qayd etilgan davlatlarga borgan xorijlik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakat hududiga kirishini chekladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Foto: BBC

Vazirlikning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Bishkek shahridagi elchixonasiga Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining notasi kelib tushgan.

Mazkur notaga ko‘ra, 2020-yil 1-martdan boshlab so‘nggi 30 kun ichida COVID-19 koronavirusi bilan kasallanishning o‘sishi va uning tarqalishi kuzatilayotgan davlatlarga borgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi yo‘q shaxslarning Qirg‘iziston davlat chegarisidan o‘tkazish punktlari orqali ushbu mamlakatga kirishi uchun vaqtinchalik cheklovlar joriy qilingan. Mazkur cheklovlar mamlakat hukumati qarori asosida amalga kiritilgan.

Qayd etilishicha, noqulay epidemiologik holat kuzatilayotgan davlatlar ro‘yxati Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi va muntazam yangilanib boriladi.

Shu sababli O‘zbekiston TIV mamlakat hududi orqali Qirg‘izistonga borishni rejalashtirgan O‘zbekiston va boshqa davlatlarning fuqarolaridan Qirg‘iziston hukumatining yuqorida aytib o‘tilgan qarorini hisobga olishni so‘raydi.

Shuningdek, Qirg‘iziston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur holatlarda Bishkek shahridagi elchixonaga +996312986296 telefon raqami orqali murojaat qilishi mumkinligi ma’lum qilingan.

Avvalroq Qirg‘izistonda koronavirus xavfi sababli ommaviy tadbirlar va sport musobaqalari bekor qilingan edi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida koronavirus tarqalgani, xususan, ikki bemorning shahardagi 16-kasalxonaga yotqizilgani haqidagi audioxabarlar tarqaldi. Keyinroq Sog‘liqni salqash vazirligi mazkur xabarlarni rad etdi va ushbu ma’lumot haqiqatga zid ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, sog‘liqni salqash vaziri O‘zbekistonga koronavirus kirib kelmaganini ta’kidlagan hamda u kirib kelgan taqdirda, uni yashirish imkonsiz ekanligini aytgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-mart, chorshanba kuni, koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshiriqlar berdi hamda mazkur virus haqida gapirdi.

JSST 11-mart kuni koronavirusning pandemiya darajasiga yetganini ma’lum qildi. Mazkur tashkilot vakili esa koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi ehtimoli yuqori ekanini bildirdi. Rossiya O‘zbekistonga koronavirusni aniqlaydigan test tizimini yubordi.