O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi koronavirus tarqalishining oldini olish yuzasidan mamlakat musulmonlariga murojaat va chaqiriq bilan chiqdi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning murojaatida shunday deyiladi:

  • Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini o‘qisinlar. Shuningdek, besh vaqt namozlarni ham uyda ado etsinlar;
  • Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda o‘qilsin;
  • Masjidlarda namoz vaqtini bildirish uchun azon o‘z vaqtida aytilsin;
  • Mo‘min-musulmonlar imkon qadar kasallik tarqalishining oldini olishga o‘z hissalarini qo‘shsinlar;
  • Har bir musulmon ibodatlar va duolarda Alloh taolodan ushbu kasallikni daf qilishini so‘rab, ixlos bilan iltijo qilishlari lozim;
  • Dinimiz poklikka buyurar ekan, kasallikning oldini olish borasidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilish har bir musulmonning vazifasidir;
  • Karantin davrida masjidlar va tahoratxonalarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalari asosida davriy dezinfeksiya ishlari o‘tkazilsin;
  • Bunday vaziyatlarda oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, sun’iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar’an haromdir.

Qayd etilishicha, ushbu fatvo virus aniqlangan musulmon mamlakatlari hamda boshqa o‘lkalardagi yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning ushbu masaladagi fatvo hamda xulosalarini hisobga olgan holda qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni olti nafarga yetdi. Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyevning aytishicha, O‘zbekistonda koronavirusga chalingani aniqlangan olti bemorning ahvoli qoniqarli.

O‘zbekistonda 15-mart, yakshanba kuni, koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgan edi. Virus 11-mart kuni Fransiyadan qaytgan ayolda aniqlangan edi. Keyinroq, 16-martga o‘tar kechasi COVID-19 koronavirus kasalligini yuqtirgan fuqarolar soni yana uch nafarga ko‘paygani ma’lum bo‘ldi.

Ulardan biri 15-mart kuni tongda Istanbuldan qaytgan erkak bo‘lsa, qolgan ikki nafari birinchi bemor — 11-mart kuni Fransiyadan qaytgan ayolning o‘g‘li va qizi ekani ma’lum qilingan edi. Ma’lum qilishlaricha, ayni paytda ushbu fuqaroning turmush o‘rtog‘i va nevarasida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.