Fransiya poytaxti Parij shahridagi Eyfel minorasi mamlakatda COVID-19 koronavirusi tarqalgani tufayli noma’lum muddatga yopib qo‘yildi. Bu haqda turistlarni o‘ziga chorlaydigan ushbu binoning Twitter’dagi rasmiy sahifasida xabar qilingan.

Avval Fransiyada Luvr va Orse kabi taniqli muzeylar, shuningdek, Versal saroyi vaqtinchalik yopib qo‘yilgandi.
“COVID-19 koronavirusining tarqalgani tufayli hukumatning tegishli chora-tadbirlari doirasida Eyfel minorasi 14-mart mahalliy vaqt bilan 21:00 dan tashrif buyuruvchilar uchun noma’lum muddatga vaqtincha yopiladi”, – deyilgan minoraning Twitter’dagi rasmiy sahifasida.

Mavzuga doir: O‘zbekiston 14-martdan boshlab Fransiya, Italiya va Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatadi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron koronavirus sabab Fransiyadagi barcha ta’lim muassasalarini yopish bo‘yicha topshiriq bergan, shuningdek, u G7 davlatlarining rahbarlari bilan videokonferensiya o‘tkazilishi, unda koronavirus oqibatlari, kasallikka qarshi vaksina ishlab chiqish, COVID-19 tarqalishi oqibatida yuzaga keladigan moliyaviy, iqtisodiy muammolar muhokama qilinishini bildirgan.







