Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida joylashgan tibbiyot birlashmasida davlatning 281,9 million so‘mi o‘zlashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, birlashmaning pullik xizmat bo‘limi mansabdor va moddiy javobgar shaxslari 2018—2019-yillar davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun murojaat qilgan 4 905 nafar fuqaro to‘lagan pullarni bo‘lim g‘aznasiga kirim qilmay, jami 281,9 million so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Xo‘jaobod tuman tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Jizzaxdagi maktabda 200 million so‘mdan ortiq budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani, Toshkent viloyatida maktab ta’miriga ajratilgan 242 million so‘m pul o‘zlashtirilgani xabar berilgan edi.