Rossiyaning AQShdagi elchixonasi kompyuter tizimini, shu jumladan xavfsizlik tizimini ishga tushira olmayapti. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ma’lum qilinishicha, bunga Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalar sabab bo‘lmoqda. Sanksiyalar sababli kerakli xodimlar AQShga kira olmayapti. Bu haqda TJournal xabar berdi.

Foto: TJournal

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Ivanovning ma’lum qilishicha, elchixona uchun kerakli kompyuterlar xarid qilingan va yetkazib berilgan, biroq tizimni o‘rnatish uchun kerak bo‘lgan texnik mutaxassislar AQShga bora olmayapti. Muammoni yechish uchun Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Davlat dumasiga mazkur xodimlarga xizmat pasporti berishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini kiritgan.

Qonun loyihasi Rossiya hukumatining mamlakat tashqarisidagi mulkini boshqaruvchi, ularni saqlab turuvchi va ulardan foydalanuvchi mutaxassislarga qaratilgan. Shuningdek, o‘zgarishlar shartnoma asosida elchixonalar va konsulliklarga xizmat safariga boradigan pudratchi diplomatlarga ham taalluqli bo‘ladi. Ivanovning qayd etishicha, bunday mutaxassislar ko‘proq xavfsizlik, aloqa va kapital qurilish boshqarmalari uchun zarur hisoblanadi.

Qonun qabul qilinsa, barcha mutaxassislar xizmat pasportini oladi. Pasportni faqat davlat shartnomasi muddatiga, biroq besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga berish rejalashtirilmoqda.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yil davomida bunday xodimlar xorijga oddiy pasport bilan borgan va muammolar bo‘lmagan. Biroq sanksiyalar joriy qilinishi bilan AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Yevroittifoq Rossiya elchixonalarining texnik xodimlariga oddiy pasport bilan viza berish jarayonini murakkablashtirdi.