O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va vazirlik jamoasi farzandini yo‘qotgan va Facebook orqali vazirga murojaat yo‘llagan toshkentlik ayol Yelena Sarevskayaga hamdardlik bildirdi.

Foto: Google Images

“Bunday fojiali hodisa zudlik bilan xizmat tekshiruvini talab qilganligi sababli, vazirning buyrug‘i bilan 2-dekabrda ishchi guruh tashkil etilib, fuqaro Ye.Saryevskaya tomonidan qayd etilgan tibbiy muassasani rasmiy tekshirishga kirishdi.

Ushbu tekshiruv bo‘lim boshlig‘ining shaxsiy nazorati ostida amalga oshiriladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi aybdorlarni aniqlash va qat’iy jazoga tortilishini ta’minlaydi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Yelena Saryevskaya o‘z murojaatida 25 kunlik chaqalog‘ini yo‘qotganini aytadi. “Bolaning o‘limining sababi — uning o‘pkasi oxirigacha ochilmagani. Tug‘ruqxonadan chiqayotganimizda esa qayd varag‘ida bolaning sog‘lom ekanligi ko‘rsatilgan”, — deydi ona.

Ayol vazirdan “bolalar jonlantirish bo‘limlarida elementar dori-darmonlar, kislorod niqoblari, yana ko‘p narsalarning yetishmasligidan” xabari bor yo‘qligini so‘ragan.

“Farzandimni issiq suv bilan to‘ldirilgan baklajkalar bilan isitishdi. Bu nimasi? Biz o‘rta asrlarda yashayapmizmi?”, — deydi Yelena.

“Farzandimni endi qaytarib bo‘lmaydi. Biroq bunday yordamga muhtoj bolalar juda ko‘p. Biz butun respublika aholisi kasal bolalarning yo operatsiyasiga yo dorisiga pul yig‘amiz. Boshqa normal mamlakatlarda bunday holat kuzatiladimi?”, — deya so‘zlarini davom ettiradi Yelena.

Fuqaro murojaatida shuningdek tibbiyot muassasalaridagi korrupsiya, asbob-uskuna va dori-darmonlar yetishmasligi, bemorlar operatsiya uchun xorijiy mamlakatlarga borishga majbur bo‘layotgani va tizimdagi boshqa muammolar haqida so‘z boradi.