Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi yuzasidan muhokamalar qizg‘in pallaga kirdi, deb xabar beradi Parlament matbuot xizmati.

Foto: Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Parlament quyi palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda Davlat budjeti boshqarmasi oldiga hukumat bilan birgalikda loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza, takliflar asosida mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida har taraflama muhokama qilib, maromiga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi.

Mazkur topshiriq doirasida ishchi guruh tomonidan kodeks loyihasi har tomonlama o‘rganilishi natijasida amaldagi soliq kodeksida soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati bo‘yicha vakolat faqatgina alohida komissiyaga berilgan edi. Bu esa, o‘z navbatida, soliqlarni to‘lashni kechiktirish huquqini olish uchun soliq to‘lovchilarga ovoragarchilik va noqulayliklar keltirib, ortiqcha qog‘ozbozlik talab qilar edi. Shu sababli keyingi uch yil ichida soliqlarni kechiktirish huquqidan hech qaysi tadbirkorlik subyekti foydalanmagan.

Shunga ko‘ra, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida pulli yoki bepul asosda kollegial organlar (komissiyalar) ishtirokisiz soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etishning yangi shaffof mexanizmi joriy etilmoqda.

Bunda soliqlarni bir vaqtning o‘zida to‘lash natijasida iqtisodiy nochorlik (bankrotlik) alomatlari yuzaga kelishi xavfi bo‘lgan, tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish va sotish mavsumiy bo‘lgan hollarda soliqlarni to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati, qarzdorlik summasiga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida foiz hisoblangan holda taqdim etiladi.