Bundan roppa-rosa 48 yil oldin – 1971-yilning 3-dekabr kuni Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi uchinchi va eng yirik urush boshlangan edi. “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov bu urush tafsilotlari, uning ahamiyati haqida hikoya qiladi.

Urush boshlanishining sabablari

1947-yilda Britaniya Hindistonining bo‘linishi natijasida tashkil etilgan Pokiston Islom Respublikasi g‘arbiy va sharqiy qismdan iborat edi. Bu ikki qismni 1 600 kilometrdan ko‘proq masofada joylashgan Hindiston hududi ajratib turar edi. Shuning uchun  Pokiston va Hindiston o‘rtasida dushmanlik munosabatlari rivojlana boshladi. Strategik jihatdan bunday bo‘linish Pokiston uchun foydali emas edi, chunki Hindiston bilan navbatdagi harbiy operatsiya amalga oshirilguday bo‘lsa, ushbu omil bo‘linmalar o‘rtasidagi aloqani va mamlakat sharqiy qismining xavfsizligini ta’minlashni qiyinlashtirardi. Bu ikki mamlakat bir-biri bilan 1947–1948 va 1965-yillarda jang qilgan, ikkala urush ham Kashmir nizosidan kelib chiqqan edi. Biroq yana bir mojaro – uchinchi Hindiston–Pokiston urushi Sharqiy Pokistondagi inqiroz va uning mustaqillikka intilishi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Foto: Google Photos

G‘arbiy va Sharqiy Pokiston madaniy jihatdan bir-biridan keskin farq qilar edi. Pokiston siyosiy elitasining aksariyat vakillari yetishib chiqqan poytaxt Karachi mamlakatning g‘arbiy qismida joylashgan. G‘arbiy Pokiston har doim ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan Sharqiy Pokistondan ustun bo‘lgan, aholi soni bo‘yicha undan orqada bo‘lsa ham (1972-yildagi so‘rov natijalariga ko‘ra, Pokiston aholisi – 64,9 million; 1974-yilda Sharqiy Pokiston (Bangladesh) aholisi – 71,3 million).

Sharqiy hududlarni rivojlantirish uchun kam mablag‘ sarflanar edi. Til muammosi ham mavjud edi: 1952-yilda Dakkada urduni mamlakatning yagona rasmiy tili deb tan olish to‘g‘risidagi farmon bekor qilinishini talab qilgan namoyishlar bo‘lib o‘tdi (sharqdagi aholining ko‘p qismi bengal tilida so‘zlashar edi, urdu esa g‘arbdagi nisbatan oz sonli etnik guruhning ona tili edi). Asta-sekin mamlakatning sharqiy qismida yashovchilar o‘zini ikkinchi darajali fuqarolar kabi his qila boshladi.

Foto: Google Photos

1970-yilda Sharqiy Pokistonga so‘nggi paytlardagi eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri bo‘lgan Bhola deb nomlangan tropik siklon bostirib keldi. Yarim milliongacha pokistonliklar uning qurboni bo‘ldi. Sharqiy mintaqa hokimiyati mamlakatning markaziy rahbariyatini ko‘rsatilayotgan yordam samarasizligida aybladi; prezident Yahyo Xon iste’fosini talab qilgan yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

1970-yil dekabr oyida mamlakatda parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda shayx Mujibur Rahmon boshchiligidagi mamlakatning sharqiga muxtoriyat berish dasturi bilan chiqqan “Avami lig” (Ozodlik ligasi) partiyasi ko‘pchilik ovozlarni qo‘lga kiritdi. Mamlakat konstitutsiyasiga binoan u hukumat tuzish huquqiga ega edi. Ammo Pokiston g‘arbidagi g‘olib partiya rahbari Zulfiqor Ali Bhutto Rahmon bosh vazir lavozimiga tayinlanishiga qarshi chiqdi.

Yahyo Xon ishtirokida o‘tgan muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugadi. 1971-yil 7-martda Rahmon partiyasi bilan Sharqiy Pokiston mustaqilligi uchun kurashayotgani haqida nutq so‘zladi. Bunga javoban 25-mart kuni asosan g‘arbdan kelgan muhojirlardan iborat Pokiston armiyasi mamlakatning sharqiy qismidagi shaharlarni nazorat qilish uchun “Projektor” operatsiyasini boshladi. “Avami lig” taqiqlandi, Mujibur Rahmon hibsga olindi. 27-mart kuni mamlakat qurolli kuchlari mayori Zaur Rahmon radio orqali Mujibur tomonidan Bangladesh davlati tashkil etilishini e’lon qilgan mustaqillik deklaratsiyasining matnini o‘qidi. Mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketdi.

Harbiy harakatlar

1971-yil 3-dekabr kuni tushdan keyin Pokiston havo kuchlari to‘satdan Hindiston aviabazalarini bombardimon qildi. “Chingizxon” deb nomlangan operatsiya 1967-yildagi “Olti kunlik urush”ning birinchi kunida arab havo kuchlarini deyarli ishdan chiqargan Isroilning muvaffaqiyatli havo hujumi ta’siri ostida rejalashtirilgan edi. Biroq Pokiston Isroilning muvaffaqiyatini takrorlay olmadi: reydlar natijasida yetkazilgan zarar juda kam edi.

Foto: Google Photos

Yarim tundan keyin Indira Gandi radio orqali xalqqa murojat etib, urush boshlanganini e’lon qildi. Deyarli bir vaqtda Hindiston aviatsiyasi Pokistondagi havo bazalariga qarshi javob zarbalarini berishni boshladi. 4-dekabr kuni Hindistonda favqulodda holat e’lon qilindi, safarbarlik boshlandi.

Bangladeshdagi Pokiston harbiy kuchlari umidsiz holatda edi. Bu yerda joylashtirilgan uchta bo‘linma partizanlarga qarshi harbiy operatsiyalar o‘tkazish uchun tarqatib yuborildi. Havo qo‘shinlaridan deyarli yordam yo‘q edi. Ular uchta hind korpusini to‘xtata olmadi.

Bu vaziyatdan xabardor bo‘lgan Pokiston qo‘mondonligi Hindistonga qarshi ikki frontda urush olib borishga harakat qildi va g‘arbdan hujumga o‘tdi. Ammo g‘arbiy frontda ustunlik hind armiyasi tomonida edi. 5–6-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan Longeval jangida Panjob polkining 23-batalyonidagi bittagina rota Pokistonning kuchaytirilgan 51-piyoda brigadasi oldinga siljishiga yo‘l qo‘ymadi. Jangda Longeval atrofida ko‘plab dushman harbiy texnikasini yo‘q qilgan Hind qiruvchi-bombardimon samolyotlari muhim rol o‘ynadi. Umuman olganda, Hindiston armiyasi nafaqat Pokiston hujumlarini qaytardi, balki urushning dastlabki bosqichida ba’zi chegara hududlarini egallab olib, hujumga ham o‘tdi.

Avvaliga Pokiston armiyasi minimal qarshilikka duch keldi. Bahor oxirida u Bangladeshning barcha shaharlarini egallab oldi va siyosiy muxolifatni yo‘q qildi. Qishloq joylarda partizanlik harakati avj oldi. UUning ishtirokchilari “mukti-bahini” nomi ostida tanilgan edi. Armiya qochoqlari va mahalliy aholi hisobiga ularning saflari tez to‘lib bordi.

Foto: Google Photos

Armiya bangladeshliklarga qarshi shafqatsiz qatag‘on boshladi; hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, 1971-yil oxiriga kelib 200 mingdan 3 milliongacha odam halok bo‘ldi. Kamida 8 million qochqin Hindistonga ketdi.

Hindiston bosh vaziri Indira Gandi Bangladeshda mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng darhol yangi davlatni qo‘llab-quvvatladi. Hindiston o‘zining azaliy dushmani bo‘lgan Pokistonni zaiflashtirishdan manfaatdor edi. Qochqinlar soni tobora ko‘payib borar ekan, Hindiston rahbariyati Bangladeshda zo‘ravonlik to‘xtashidan amaliy manfaatdor edi, chunki bunday miqdordagi odamni saqlash mamlakat budjeti uchun juda qimmatga tushar, ijtimoiy muammolar kuchayib ketar edi.

Xalqaro e’tiborni qochqinlar muammosi va Pokiston armiyasining shafqatsiz harakatlariga jalb qilish uchun kampaniya boshlandi. Bundan tashqari, Hindiston “mukti-bahini”ga harbiy yordam ko‘rsatishni boshladi; bu ularning jangovar omilkorligiga ta’sir qildi. 1971-yil yozida partizanlar harakatini kuchaytirdi. Ular mamlakatni 11 ta harbiy zonaga ajratdi. Ularning har biridagi “mukti-bahini” kuchlarini Pokiston armiyasining sobiq zobitlari boshqarardi. Partizanlarning kichik havo kuchlari va daryo floti ham bor edi.

Hukumat armiyasi chakalakzor va daryolar bilan qoplangan hududda partizanlarga qarshi urush olib borishga tayyor emas edi. Hindistondagi bazaviy lagerlarda joylashgan “mukti-bahini” a’zolari Bangladeshda muvaffaqiyatli operatsiyalar amalga oshirar va chegara oqali chekinar edi.

Pokiston rahbariyati partizanlar harakatini ular Hindistondan yordam olishni to‘xtatmaguncha bostirib bo‘lmaydi, degan mantiqiy xulosaga keldi. Bu orada Hindiston qo‘shinlari chegaraga yaqinlashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchayib borayotgan edi. 21-noyabr kuni Hindiston va Pokistonning muntazam qo‘shinlari ishtirokida quruqlikda va havoda jiddiy to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.

Foto: Google Photos

Sharqiy frontda Hind kuchlari “mukti-bahini” bo‘linmalari bilan birgalikda tezda dushmanning asosiy mudofaa qismlarini yorib o‘tdi. Bu yerdagi hal qiluvchi omil qiyin hududda yuqori harakatchanlik edi. Bunda SSSR tomonidan ishlab chiqarilgan PT-76 amfibiya tanklari va Mi-4 transport vertolyotlari yaxshi xizmat qildi. Urushning ikkinchi haftasi oxirida Dakkaga hind armiyasi yetib keldi. Endi qarshilik ko‘rsatishning hech qanday ahamiyati yo‘qligini tushunib, 16-dekabr kuni Bangladeshdagi Pokiston kuchlari qo‘mondoni general Niyoziy guruhi taslim bo‘lishi to‘g‘risidagi aktga imzo chekdi. 17-dekabr kuni Hindiston sulh e’lon qildi. Shu bilan urush tugadi.

Natija

Hindistonning harbiy aralashuvi natijasida Bangladesh mustaqillikka erishdi. 16-dekabr Bangladeshda G‘alaba kuni sifatida nishonlanadi.

Harbiy harakatlar tugashi bilan Pokiston prezidenti Yahyo Xon iste’foga chiqdi; uning o‘rnini Zulfiqor Bhutto egalladi. U uch yildan so‘ng sobiq Sharqiy Pokiston xalqidan ularga qarshi qilingan jinoyatlar uchun rasmiy ravishda uzr so‘radi.

Bhuttoning yutuqlaridan biri shundaki, u Bangladeshning yangi hukumati sud qilishni talab qilgan barcha pokistonlik harbiy asirlarni sudsiz ozod qilinishiga erishdi. Uch mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar 1972-yilda Simla shartnomasi imzolangandan keyin yaxshilandi.

1971-yil 3-dekabrda boshlangan ushbu urush Hindiston–Pokiston mojarolari ichidagi eng katta urush edi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.