Bundan 52 yil muqaddam aynan shu sanada Janubiy Afrika Respublikasida insoniyat tarixida ilk bora muvaffaqiyatli yurak ko‘chirish operatsiyasi bajarilgan edi. Bu haqda “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov hikoya qiladi.

Kristian Barnard.
Foto: Wikipedia

52 yil oldin uch marta infarktni boshdan o‘tkazgan 55 yoshli bemor Luis Vashkanskiy kardiojarroh Kristian Barnard tomonidan o‘z tanasida yurak ko‘chirish operatsiyasi bajarilishiga rozilik berdi. Chunki uchinchi og‘ir infarktdan keyin shundoq ham uning atigi bir necha kunlik umri qolgani tayin edi. Unga yaqindagina avtomobil halokatida fojiali vafot etgan 25 yoshli qiz – Deniza Darvalning yuragi ko‘chirib o‘tkazildi. Bemor operatsiyadan keyin yana 18 kun yashadi va boshqa sabab – ikki yoqlama pnevmoniya sababli vafot etdi. Kardiojarrohning ikkinchi mijozi ko‘chirib o‘tkazilgan yurak bilan bir yarim yil yashagan bo‘lsa, uchinchisi yigirma yildan ziyod yashab, keyin vafot etdi.

Albatta, yurak ko‘chirish operatsiyasi ham tashkiliy, ham fiziologik jihatdan ancha murakkab kechgan va bunday bo‘lishi kutilgan edi. Vrachlar Vashkanskiyga mos donor topish uchun JAR hukumati qo‘ygan turli byurokratik va ijtimoiy to‘siqlarni yengib o‘tishlariga to‘g‘ri keldi.

O‘sha yillari bu mamlakatda oq tanlilar va qora tanli aholi o‘rtasida kuchli irqiy murosasizlik mavjud edi. JARdagi siyosiy tuzum oq tanlilar uchun qora tanlilarning organlarini ko‘chirib o‘tkazishni taqiqlagan, vrach Barnard bu muammo bilan avval ham to‘qnash kelgan, ya’ni qora tanli fuqaroning buyragini oq tanliga ko‘chirib o‘tkazgani uchun juda qattiq ta’qib ostida qolgan edi. Uni qora tanlilar ustida tajriba olib borganlikda ayblashgandi. Shunga ko‘ra, Vashkanskiyga mos donor topishning o‘zi amri mahol edi. Chunki bu davrda JARda oq tanli aholi atigi 20 foiz bo‘lgan bo‘lsa, undan ham katta muammo – shu kam sonli odamlar ichidan bemor bilan qon guruhi mos keladigan donor topish edi. Birov uchragan kutilmagan baxtsiz hodisa Vashkanskiy uchun kutilgan baxtni taqdim etdi. Bank xodimasi bo‘lib ishlagan 25 yoshli ayol Deniza Darval yuragi barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Vashkanskiyga mos bo‘lib chiqdi.

Luis Vashkansiy va Deniza Darval.
Foto: Wikipedia

Hammasi endi marhumaning yaqinlarining roziligiga bog‘liq bo‘lib qolgan edi. Shunda Denizaning otasi o‘zi uchun juda qiyin, ammo butun insoniyat uchun muhim qarorni qabul qildi. U “Qizimni qutqara olmadik, hech bo‘lmasa shu erkakni qutqarishga urinib ko‘raylik...” dedi.

Barcha tayyorgarlikdan so‘ng 1967-yilning 3-dekabrida Groot-Shur kasalxonasida kardiojarroh Barnard bemorining ko‘krak qafasini yorish orqali operatsiyani boshladi. Shunda u kutilmagan va avval e’tiborga olinmagan muammoga yo‘liqdi: marhumaning yuragi hajman kichik, bemorning ko‘krak qafasi kengroq ekan. Shunga qaramay, u operatsiyani bir amallab nihoyasiga yetkazdi.

Amaliyot 5 soatdan sal ko‘proq davom etdi. Bu tarixiy operatsiya natijasini juda ko‘pchilik yurak hovuchlab kutar edi. Barnard jarrohlik xonasidan yorug‘ yuz bilan chiqqach, butun dunyo bo‘ylab minglab yuragi xasta odamlarga umid bag‘ishlagan amaliyot muvaffaqiyatli o‘tgani e’lon qilindi.

Ushbu tarixiy operatsiya ko‘p jihatdan katta sinov operatsiyasi edi. Bungacha jarrohlar it va maymun yuragini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini bajargan; odam tanasida tajriba qilib ko‘rish juda katta xatar va mas’uliyat talab qilgani uchun uncha-muncha vrach bunga jur’at qilmagan.

Foto: Wikipedia

Barnard Vashkanskiydan keyin Filipp Blayberg ismli bemorga ham yurak ko‘chirdi. Yuqorida aytilganidek, u bir yarim yil yashadi. Dirk van Zil ismli bemor esa 1971-yilda yurak ko‘chirish amaliyotini boshdan o‘tkazdi. U hisob bo‘yicha uchinchi edi. Dirk van Zil yana 24 yil umrguzaronlik qildi.

Umuman olganda, 1968-yildayoq dunyo bo‘ylab yuzga yaqin yurak ko‘chirilishi bajarilgan edi. Hozirda butun dunyo bo‘ylab yetakchi klinikalarda har yili minglab yurak transplantatsiyasi amaliyoti bajarib kelinmoqda. Xususan, birgina AQShning o‘zida 3 191 marta yurak ko‘chirilishi bajarilgan.