Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev viloyatdagi boshqarmalarda faoliyat ko‘rsatayotgan dehqonobodlik rahbarlarga o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloqda kutubxona qurish talabini qo‘ydi. Bu haqda “Daryo”ga Dehqonobod tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Dehqonobod tuman hokimligi axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, viloyat hokimining ushbu taklifi tumanga tashrifi chog‘ida viloyat rahbarlari va tuman faollari bilan bo‘lgan yig‘ilishda o‘rtaga tashlangan.

— Mana bugungi kunda viloyatdagi katta boshqarmada faoliyat yurityapsiz, bu quvonarli, ammo tuman uchun — tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ingiz uchun nimadir qildingizmi? — deya savol berdi viloyat hokimi rahbarlarga qarata.

Zalda o‘tirganlardan bu borada javob bo‘lmagach, Zoir Mirzayev dehqonobodlik rahbarlarga tuman uchun, o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq uchun bittadan kutubxona qurib berish taklifini ilgari surgan.

Viloyatda ishlovchi dehqonobodlik rahbarlar.
Foto: Dehqonobod tuman hokimligi axborot xizmati

— Faqat qayerdandir o‘g‘irlab kelingan pulga emas, o‘z nomingizga olingan kredit mablag‘i evaziga kutubxona qurasiz, kutubxona uchun bankdan nomingizga kredit olingan yoki olinmaganligi bilan shaxsan o‘zim qiziqaman, — dedi viloyat rahbari.

Yig‘ilishda, shuningdek, viloyatdagi 16 ta tijorat bankiga dehqonobodlik tadbirkorlarni topib, tuman uchun esda qolarli ish qilish talabi ham qo‘yilgan.

Hokimlik axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, “O‘zsanoatqurilishbank”ning viloyat filiali tumandagi bog‘chalar uchun artizan kovlab, suv chiqarib berish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan.