Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova Bo‘z tumanining “Yangi hayot” massividagi “Oybek 2” fermer xo‘jaligida paxta terimiga chiqib, kechga qadar 65 kilogramm paxta terdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“Paxta xalqimizning milliy boyligi. Paxtakorlarga madadkor bo‘layotgan ko‘ngilli hasharchi opa-singillarimiz dehqonlarning mashaqqatli mehnatlari bilan yetishtirilgan ana shu boylikni tezroq yig‘ib-terib olishga ahd qilgan. Shaxsan men ham bugun ular bilan yelkama-yelka turib, kechga qadar 65 kilogramm paxta terdim”, — deydi Manzura Yunusova.O‘zAning qayd etishicha, Bo‘z tumanidagi paxta yig‘im-terimiga (tuman jami 16,6 ming tonna paxta topshirishi kerak) tuman va shaharlar mahallalaridan uyushmagan aholi vakillari, uy bekalari, vaqtincha ishsiz xotin-qizlardan iborat 800 nafardan ziyod ko‘ngilli hasharchilar jalb etilgan, ular har kuni 40-42 tonna paxta terib, xirmonga topshirmoqda.
“Qizim bilan terimga chiqqanmiz. Birgalashib har kuni 250—300 kilogramm paxta teryapmiz. Uyda bo‘lganimizda uy yumushlari bilan kunimiz o‘tardi. Terimda qatnashib, har besh kunlikda 1,5 million so‘mga yetkazib pul olyapmiz. Bu oilamiz uchun yaxshigina daromad hisoblanadi”, — deydi Bo‘z tumanidagi “Bog‘i eram” mahallasida yashovchi Sadbarxon Jo‘raqulova.