Toshkentda ochilgan IT-park Birlashgan Arab Amirligi bilan hamkorlikda talabalar o‘rtasida “mGovAward” – mobil ilovalar ishlab chiqish bo‘yicha respublika tanlovini e’lon qildi. Arizalar 26-sentabrdan AKT haftaligi davomida qabul qilinishi boshlangan. Bu haqda “Daryo”ga IT-park vakillari ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, tanlov jami 5 ta: ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, transport va logistika, shuningdek biznes va G2B yo‘nalishlarida tashkil qilinadi. Mazkur tanlovning asosiy mezonlari etib, yaratiladigan ilovaning samaradorligi, uning innovatsionligi va foydalanish uchun qulayligi belgilangan.
Talabalar “mGovAward” tanlovi doirasida O‘zbekistondagi mavjud muammolardan birini hal qila oladigan mobil ilova yaratish kerak. Yutuq fondi 100 000 dollarni tashkil qilib, 50 000 dollar birinchi o‘rin sohibiga, 30 000 dollar ikkinchi o‘rin uchun hamda 20 000 dollar uchinchi o‘ringa berish rejalashtirilgan. Shuningdek, tanlov g‘oliblari BAAga bepul safar qilish imkoniyatini va IT-park akseleratsiya dasturida ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritadi.