Ispaniyada dam olish vaqtida “Amerika tepaliklari” attraksionida uchishga qaror qilgan yangi zelandiyalik Semyuel Kempf ismli sportchi katta tezlikda tushayotgan telefonni ushlab qoldi, deb xabar beradi Meduza.

Foto: Getty Images

Semyuel Kempf “PortAventura” parkidagi eng qo‘rqinchli attraksionlardan birini tanlagan — ichida yo‘lovchilari bo‘lgan vagonchalar soatiga 134 kilometr tezlikda harakatlanadi. Ko‘plab turistlar bunaqa tezlikda o‘zini boshqara olmay qolib, baqiradi, faqat Kempf emas.

Attraksionda uchish vaqtida sportchi o‘zidan bir necha qator oldinda o‘tirgan erkak telefonini tushirib yuborganini payqab qolgan. Kempf qo‘lini oldinga cho‘zib, katta tezlikda tushayotgan telefonni shunchaki ushlab qolgan.

Kempfning ushbu harakati vagonchalarga o‘rnatilgan kamera yordamida yozib olingan. Telefon egasi xursandligidan Kempfni quchoqlab ham olgan.

Kempf professional ravishda fistbol bilan shug‘ullanadi. Bu jamoaviy sport turi bo‘lib, ishtirokchilar qo‘l zarbasi orqali to‘pni raqib maydoniga uloqtiradi.