18-avgust kuni soat 16:48 da Olmazor tumani, Shiroq ko‘chasi 104-uyda joylashgan “Teleatlas” xususiy korxonasiga qarashli qog‘oz mahsulotlarini qayta ishlash sexining omborxonasida qog‘oz chiqindilari 90 kvadrat metr maydonda yondi. Bu haqda Toshkent shahar yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar yong‘in xavfsizligi boshqarmasi

Yong‘indan binoning 800 kvadrat metr maydonidagi qurilmalari saqlab qolingan. Jangovar bo‘linmalar chaqirilgan manzilga soat 16:55 da yetib borgan va ko‘rilgan tezkor chora va harakatlar natijasida yong‘in soat 17:02 da qurshab olinib, 23 daqiqada o‘chirilgan. Voqea joyiga 5 ta yong‘in o‘chirish texnikasi jalb qilingan.

Yong‘in olovdan extiyotsizlik bilan foydalanish oqibatida sodir bo‘lgan, deb taxmin qilinmoqda. Keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Hodisada insonlarning halok bo‘lishi va tan jarohati olish holatlari qayd etilmadi.