Toshkent shahri Mirobod tumanining Nukus va T.Shevchenko ko‘chalari chorrahasida qoraqalpoq klassik shoiri Berdaq haykali o‘rnatildi. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.

Foto: O‘zA

Haykal tagida “Qoraqalpoq xalqining buyuk shoiri Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li” deb yozilgan. Haykalning tayyorlanishi va o‘rnatilishi jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston badiiy akademiyasi, Toshkent shahar hokimligi mutasaddi va mas’ul xodimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi rahbariyati bevosita ishtirok etdi.

– Haykalning o‘rnatilishi — yurtboshimiz rahnamoligida bu borada amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning uzviy davomi hamda buyuk shoirimizga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat-ehtirom belgisidir, – deydi Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Sharap Usnatdinov. – Bu kabi xayrli ishlardan biz ijodkorlar mamnunmiz, albatta.

Shoirning yangi haykalini yaratish va Toshkent shahrida o‘rnatish tashabbusi Prezident tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, u Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan ijodkor ziyolilar, olimlar, yozuvchi va shoirlarning bildirgan tavsiyalarga muvofiq tayyorlandi.

Haykalning rasmiy ochilish marosimi Mustaqillik bayramining 28 yilligi arafasida o‘tkazilishi belgilangan.