Mamlakatimizga Germaniyadan olib kirilayotgan manzarali gul va daraxt ko‘chatlari Toshkent shahar “Arkbuloq” o‘simliklar karantini chegara maskani inspektorlari tomonidan karantin ko‘rigidan o‘tkazilganda ular orasida ko‘p miqdordagi tok ko‘chatlari borligi aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Import qilinayotgan mahsulotlarga tegishli hujjatlar tekshirilganda mazkur tok ko‘chatlari uchun karantin ruxsatnomasi va fitosanitariya sertifikati yo‘qligi aniqlandi. Ushbu holat, O‘zbekiston Respublikasining “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonuniga zid hisoblanadi.
Karantin ruxsatnomasi – karantin ostidagi mahsulotni belgilangan tartibda O‘zbekiston hududiga olib kirishga yoki uning hududidan tranzit tarzida olib o‘tishga ruxsat berilganligini tasdiqlaydigan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan beriladigan hujjatdir.
Fitosanitariya sertifikati – karantin ostidagi mahsulotda o‘simliklar karantini obyektlari mavjud emasligini tasdiqlovchi eksportyor davlatning tegishli o‘simliklar karantini tashkiloti tomonidan beriladigan xalqaro namunadagi hujjat.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aksar xorij mamlakatlarida tokning ashaddiy zararkunandasi «filloksera» (Dactylosphaera vitifoliae), bir necha turdagi bakteriya, virus va boshqa kasallik qo‘zg‘atuvchilari mavjud. Ularning O‘zbekistonga kirib kelishi mahalliy tokzorlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Filloksera bilan zararlangan tok ko‘chatlari o‘sish va rivojlanishdan orqada qoladi, hosildorligi pasayadi, bir necha yildan keyin tok qurib qoladi.
Shuningdek, uzum barglarida bo‘rtmalar paydo bo‘lib, yosh tok ko‘chatlari hosilga kirmasdan nobud bo‘ladi. O‘zbekiston uchun bu zararkunanda tashqi karantin obyekti hisoblanadi.
Ushbu holatlar bo‘yicha belgilangan qonun talablari va respublika fitosanitar tozalagini hisobga olib, noqonuniy yo‘l bilan Germaniyadan keltirilgan tok ko‘chatlari yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.
“O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddasiga asosan, mamlakatimizga karantin ostidagi mahsulotlar hamda o‘simliklarning ekish materiallarini (urug‘lik, ko‘chat, tuganak, piyozbosh va boshqalar) olib kirishdan avval “O‘zdavkarantin” inspeksiyasiga murojaat etish maqsadga muvofiq.
Izoh (0)