Sobiq davlat maslahatchisi Muidjon Tohiriy hibsga olingan. Bu haqda “Turon 24” ma’lum qildi.

Foto: UzStars

“Muidjon Tohiriy hibsga olindi. Hozir tergov olib borilmoqda. Tergov siri nuqtayi nazaridan boshqa ma’lumot berilishi maqsadga muvofiq emas”, — deyiladi xabarda.

Muidjon Tohiriy 2006-2008 yillarda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari, 2008-2010 yillarda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2010-yil sentabrdan 2011-yil iyungacha O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi bo‘lgan.

2011-yil iyun oyidan yana MXX raisi o‘rinbosari lavozimiga qaytgan va 2016-yil oxirigacha ishlagan.

Orada 2013-yilda Prezident xavfsizligi xizmatini ham boshqargan.

Uning so‘nggi ish joyi Davlat bojxona qo‘mitasi bo‘lib, 2016-yil 20-dekabrda rais etib tayinlangan va 2018-yil 12-fevral kuni ishdan olingan.