Daryo

Bosh vazir o‘rinbosari Buxorodagi fojia yuzasidan tezkor yig‘ilish o‘tkazdi

Yig‘ilishda kelgusida bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish masalasi muhokama qilindi

1 daqiqa o‘qish220 252 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: “Turon 24”

Kecha, 18-sentabr kuni Kogon tumani hududidan o‘tuvchi Buxoro-Qorovulbozor magistral yo‘lida avtobusning gaz balloni portlab ketishi oqibatida 26 nafar yo‘lovchining 4 nafari voqea joyida, 1 nafari esa kasalxonada vafot etgani, qolgan 21 kishi turli darajada jarohatlangani haqida xabar berilgan edi.

Foto: “Turon 24”

“Turon 24” ning xabar berishicha, ushbu hodisa yuzasidan o‘sha kunning o‘zida Bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov raisligida tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar ta’kidlashicha, hodisadan jabrlanganlarga malakali tibbiyot xodimlari xizmat ko‘rsatmoqda, o‘ta og‘ir holatdagi bemorlar Kogon shahar kasalxonasidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga o‘tkazilgan. Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyevning ma’lumot berishicha, O‘zbekiston prezidenti tomonidan vafot etganlar oilasiga moddiy yordam pullari yetkazilgan, shuningdek, marhumlarning janoza marosimlari uchun ketadigan barcha xarajatlar qoplangan.

Yig‘ilishda “Ztlich Oil Gaz” metan quyish shoxobchasi tomonidan texnik talablarning qo‘pol ravishda buzilishi oqibatida mazkur fojia yuzaga kelgani bildirildi. Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Abdulla Qo‘ldoshevning ta’kidlashicha, viloyatda yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalasi sust, hovuzlarda suv yo‘q, birlamchi o‘t o‘chiruvchi vositalari talabga javob bermaydi.

Viloyat prokurori Bahriddin Valiyevning xabar berishicha, prezident topshirig‘i asosida fojia sabablarini o‘rganish maqsadida tuzilgan hukumat komissiyasi qaroriga ko‘ra, “Sanoatgeokontexnazorat” Buxoro mintaqaviy inspeksiyasi, “Neftgazsanoati”, Majburiy ijro byurosining hududiy boshqarmasi, IIB vakillaridan iborat guruh viloyatdagi 36 ta metan va 119 ta propan gaz quyish shoxobchalari faoliyatini o‘rganishi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Yig‘ilishda kelgusida bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalari rahbar va xodimlari malakasi oshirilishi, ularni qayta o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

Ichki ishlar vazirligi YHXBB boshlig‘i Xolmat Saidaliyev Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq O‘zbekistondagi barcha metan va propan gaz quyish shoxobchalari, shuningdek, gaz ballonli avtotransport vositalari tekshiruvdan o‘tkazilishini bildirdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar