AQShdagi Kaliforniya universiteti olimlari chilim va oddiy sigaretalarning inson salomatligiga yetkazadigan zarari bir xil ekanini aniqladi, deb yozmoqda Tengrinews.

Olimlar 48 kishidan iborat guruhda tajriba o‘tkazgan. Ulardan 30 daqiqa mobaynida chilim chekish so‘ralgan. Mutaxassislar guruhdagi kishilarning chilim chekishidan oldingi va keyingi yurak urishi, arterial bosimi, qon tarkibidagi nikotin moddasining miqdorini o‘lchagan.

Natijada olimlar chilim chekishning bir seansi oqibatida 1 daqiqadagi yurak urishlari sonini o‘rtacha 16 taga ko‘payganini aniqlagan. Shuningdek, chilim chekkanlarning qon bosimi ham ko‘tarilgan. Bundan tashqari, chilim chekish arterial qattiqlik darajasini sezilarli darajada oshirgan. Bu esa qon-tomir kasalliklari rivojlanishining asosiy omili hisoblanadi.

Olimlarning ta’kidlashicha, bu kabi ko‘rsatkichlar oddiy sigareta chekuvchilarning ko‘rsatkichlari bilan bir xil. Shunday qilib, chilim sog‘liqqa sigaretalarga nisbatan kamroq zarar yetkazadi, degan qarash isbotini topmagan. Bundan tashqari, chilim tayyorlashda foydalaniladigan kimyoviy moddalarning aksariyati sigaretalar ishlab chiqarishda taqiqlangan. Ya’ni, bunday kimyoviy moddalar inson organizmi uchun katta xavf tug‘diradi.