Xabar berilganidek, kecha, 4-may sanasida Dubayda futbol bo‘yicha Osiyo Kubogi-2019 musobaqasi final bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham ishtirok etdi. Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “F” guruhida Yaponiya, Ummon va Turkmaniston bilan joy oldi. Qur’ada ishtirok etgan “Championa.asia” muxbiri esa Ahmadjonovdan intervyu oldi.
Qur’ani hammamiz katta qiziqish bilan kuzatib bordik. Tadbir yuqori saviyada o‘tdi, tashkiliy tomonlari ham joyida bo‘ldi. Endi biz joy olgan guruhga keladigan bo‘lsak, yaxshi guruhdan joy oldik. O‘ylaymanki, bu guruhdan bemalol birinchi o‘rin bilan chiqamiz.Raqiblar haqida nima deyishim mumkin? Yaponiya — kuchli, lekin ular bilan o‘ynasa bo‘ladi. Biz har qanday musobaqaga ijobiy natija uchun boramiz. Osiyo o‘yinlari bo‘ladimi yoki Osiyo Kubogimi farqi yo‘q, maqsad bitta: xalqimizni xursand qiladigan natijaga erishish. Albatta, eng katta maqsadimiz bu — 2022-yilgi Jahon Chempionatiga chiqish.
Ummon va Turkmaniston haqida gapiradigan bo‘lsam, bu jamoalar ham yaxshi, lekin biz ulardan kuchlimiz. Qur’adan oldin ham aytgandim, biz kuchli guruhga tushishni xohlaymiz deb. Nima uchun? Chunki terma jamoani faqat kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlargina o‘stiradi. Biz bekorga Jahon Chempionatiga chiqqan terma jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil qilayotganimiz yo‘q.
Bundan ko‘zlangan maqsad, sekin-asta ularning darajasiga chiqish. O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo Chempionatida chempion bo‘lganidan keyin o‘zingiz ko‘rdingiz, muxlislar qancha xursand bo‘ldi. Xalqimiz asosiy terma jamoamizdan ham mana shunday yutuqni sog‘inib qolgan va o‘ylaymanki, Osiyo Kubogi-2019 nasib qilsa, O‘zbekiston uchun atalgan bo‘ladi.
Umid Ahmadjonov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti