Navoiy davlat konchilik institutining energo-mexanika fakulteti o‘qituvchisi Jovid Rahmonov Italiyaning Padua universitetida doktorlik dissertatsiyasini onlayn tarzda himoya qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Yosh olim 31 yoshida texnika fanlari doktori ilmiy darajasiga erishdi. Navoiy davlat konchilik instituti energo-mexanika fakulteti mashinasozlik texnologiyasi kafedrasi dotsenti H. Ahmedovning ta’kidlashicha, hali hech bir ilmiy ish bunday yaxshi natijaga erishmagan ekan.
Toshkent davlat texnika universitetida tahsil olib yurgan kezlaridayoq, yuksak marralarni ko‘zlagan yigitning orzulari ro‘yobga chiqa boshladi. Jumladan, uning Beruniy nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lishi muvaffaqiyatlari debochasi edi. Keyinchalik Yaponiyaning Sumitomo korporatsiyasi stipendiyasini ham qo‘lga kiritdi. 2010-yilda universitetning mexanika-mashinasozlik fakultetini bitirgan Jovid magistratura yo‘nalishiga imtiyozli qabul qilindi. Izlanuvchan yigit bilimlarini mustahkamlash maqsadida olti oy Berlin texnika universitetida ham tahsil olishga ulgurdi. 2012-yilda esa mehnat faoliyatini boshladi.
Yosh olim faqat amaliy jarayongina nazariy bilimlarni qay darajada o‘zlashtirganimizni ko‘rsatib beradi, deb bildi. Dastlab u faoliyatini poytaxtdagi GM Powertrain Uzbekistan korxonasining quymakorlik bo‘limida sifat bo‘yicha muhandislikdan boshladi. Aynan mana shu davrdagi ish jarayoni ilmiy izlanishlarini yanada mustahkamladi, yangi g‘oyalar sari ilhomlantirdi.
O‘z tajribasini oshirish bilan birga, sohaga oid dunyo yangiliklaridan ham muntazam xabardor bo‘lib borgan muhandis 2014-yilda Yevropa Ittifoqining Erasmus Mundus granti sohibiga aylandi va Italiyadagi nufuzli o‘quv dargohlaridan biri — Padua universiteti doktoranturasiga qabul qilindi. Ta’lim olish mobaynida London, Madrid, Venetsiya kabi shaharlarda o‘tgan konferensiyalarda ishtirok etdi, xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalari chop etildi. Yosh olim xorijdagi tahsil jarayoni haqida so‘zlar ekan, metallshunoslik sohasida erishilgan yutuqlarni jamlagan o‘z ilmiy ishi haqida ham to‘xtaldi:
“Italiya sanoatida avtomobilsozlik yetakchi o‘rinni egallaydi. Odatda, mashina, samolyot kabi texnikalarning dvigateli cho‘yan, po‘lat va boshqa metallar asosidagi qotishmalardan tayyorlanadi. Ularni o‘t oldirish uchun ko‘p vaqt va yonilg‘i talab etiladi. Men himoya qilgan ilmiy tadqiqotda og‘ir metallar o‘rniga alyuminiy qotishmalariga nisbatan yuqori mustahkamlikka ega yangi elementdan foydalanish g‘oyasi ilgari surilgan. Bunday yengil materiallarning texnikada qo‘llanilishi yonilg‘i kam sarf bo‘lishini ta’minlaydi va natijada atrof-muhitga chiqayotgan zararli moddalar miqdori kamayadi. Yangi qotishmadan tayyorlangan detallar turli ish jarayonlarida yuqori haroratga bardosh bera oladi va o‘zining mexanik xususiyatlarini yo‘qotmaydi. Bu tajriba ayni paytda Italiyaning dunyoga mashhur Fiat avtomobillari uchun zaruriy detallar tayyorlab beradigan Teksid korxonasida sinovdan o‘tmoqda. Uning muvaffaqiyatli yakun topishiga ishonaman”.
Izoh (0)