Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi fojiada 52 nafar o‘zbekistonlik fuqaro halok bo‘lgani munosabati bilan xorijiy musulmonlar idoralari rahbarlari, muftiylar nomidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomiga hamdardlik maktublari kelishi davom etmoqda, deb xabar beradi diniy idora matbuot xizmati.

Foto: “Muslim.uz”

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga

Bismillahir Rohmanir Rohim!

Hurmatli birodarim, Usmonxon Alimov!

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida yo‘lovchi avtobusning yonib ketishi natijasida halok bo‘lgan vatandoshlaringiz haqidagi habarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildim.

Shu munosabat bilan Ozarbayjon, Kavkaz musulmonlari va shaxsan o‘z nomimdan Sizga va birodar O‘zbekiston xalqiga chuqur ta’ziyamni izhor etaman.

Vafot etganlarning qarindoshlari va yaqinlariga bunday musibatni yengib o‘tishlari uchun Yaratgan Parvardigordan duo qilib so‘rayman. Barcha o‘tganlarning ruhini Alloh rahmatiga olsin!

Sizga doimo Qodir Allohning cheksiz marhamati yog‘ilsin! Omin!

Chuqur qayg‘u bilan, 

Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi