O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida vafot etgan aktrisa Kerri Fisher tomonidan “Yulduzlar jangi” kinoepopeyasida ijro etilgan malika Leya Organa qahramoni trilogiyadan iborat ushbu filmning yakuniy qismida paydo bo‘ladi. Bu haqda aktrisaning akasi Todd Fisher ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Fisherning akasi va qizi Billi Luord Disney studiyasiga to‘qqizinchi epizodni yaratishda marhumaning kadrlaridan foydalanishga ruxsat berdi. Hozircha bu qanday amalga oshirilishi noma’lum. Biroq Disney studiyasi tarkibiga kiruvchi Lucasfilm Fisherning grafik modeli ustida ishlamasligini avvalroq ma’lum qilgandi.
Oldinroq Lucasfilm vakillari sakkizinchi epizodda Fisher ishtirokidagi sahnalar suratga olib bo‘lingani haqida aytgandi. Mazkur epizod katta ekranlarga 2017-yili chiqadi. Trilogiyaning so‘nggi filmini suratga olish jarayoni 2018-yili boshlanib, premyerasi 2019-yili bo‘lib o‘tadi.
Kerri Fisher “Yulduzlar jangi” kinoepopeyasidagi birinchi filmda (1977-yil) o‘ynagan malika Leya roli bilan shuhrat qozongan. Mazkur filmni tasvirga olish ishlari boshlangan vaqtda u 19 yoshda edi. Keyinchalik Fisher yana to‘rtta “Yulduzlar jangi”da, xususan, VII (2015) va VIII (2017-yilda ekranlarga chiqishi kutilmoqda) epizodlarda ham Leya rolini o‘ynadi.
1990- va 2000-yillarda Fisher Gollivudda “ssenariy shifokori” sifatida ishladi, ya’ni, ssenariylarni qayta ishlash va to‘ldirish bilan shug‘ullandi. Bu lavozimda u “Yulduzlar jangi”ning I – III epizodlari, “O‘ldiruvchi qurol 3”, “To‘ydagi xonanda”, “Mister va missis Smit” filmlarida ishlagan.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)