Turkiya hukumati davlat to‘ntarishiga urinish “ilhomchisi”ning jiyanini qo‘lga oldi
Turkiya hukumati Anqara davlat to‘ntarishiga urinish ilhomchisi deb hisoblaydigan imom Fathulla Gyulenning jiyanini qo‘lga oldi, deb yozadi “RBK” Anadolu davlat axborot agentligiga tayanib.
1999-yildan buyon o‘z xohishiga ko‘ra AQShda quvg‘inda yashab kelayotgan Gyulenning o‘zi Turkiyada maktab va xayriya tashkilotlarining keng tarmog‘iga hamda ko‘plab izdoshlarga ega. U 15-iyulda sodir bo‘lib, kamida 246 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorligini rad etmoqda.
Uning jiyani, Muhammad Said Gyulen Turkiya shimoli-sharqidagi Erzurum shahrida qo‘lga olindi va so‘roq uchun Anqaraga keltiriladi. Unga qarshi boshqa ayblovlar bilan birga, terrorchilik tashkilotiga a’zolik ayblovi ilgari surilishi mumkin.