Daryo

“Gaz taʼminotidagi uzilishlar hisobga olingan”. Markaziy bank inflyatsiya bo‘yicha prognozni yangiladi

O‘zbekistonda 2026-yil yakuniga qadar yillik inflyatsiya darajasi 6,5 foizga tushishi kutilmoqda. Dekabr boshida mazkur kutilma 7 foiz edi. Regulyator energiya resurslari narxlari o‘zgarishi inflyatsiyaning asosiy drayveri bo‘layotgani, shunga qaramay, umumiy inflyatsiya pasayib borayotganini qayd etdi.

1 daqiqa o‘qish6 153 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda 2026-yil yakunigacha yillik inflyatsiya darajasi 6,5 foizga tushishi kutilmoqda. Bu haqda 28-yanvar kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov maʼlum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Nodirbek Ochilov
Foto: Markaziy bank

Nodirbek Ochilov prognozda mamlakatda kuzatilayotgan gaz va elektr uzilishlari, bahorda oshgan energiya resurslari tariflarining ikkilamchi taʼsiri ham inobatga olinganini aytdi.

“Energiya resurslari narxlari o‘zgarishi oxirgi paytlarda inflyatsiyaning asosiy drayveri bo‘lyapti. Lekin umumiy inflyatsiya pasaymoqda. Energiya narxlarining taʼsirlari bo‘ldi va ikkilamchi taʼsirlari ham keyingi davrlarda bo‘lishini kutyapmiz. Lekin bu bilan tugamaydi, hukumat bilan birgalikda chora-tadbirlar bo‘yicha takliflar kiritilgan. Yaqin kunlarda bu bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinishi kutilyapti”, dedi rais o‘rinbosari.

​

Foto: Markaziy bank

Nodirbek Ochilovning taʼkidlashicha, Markaziy bank hukumatdan energiya resurslari taklifini ko‘paytirishni, narxlarni har oy emas, balki maʼlum davrni belgilagan tarzda oshirishni so‘ragan.

“Yonilg‘i narxi oshishi, metan zapravkalardagi ayrim cheklovlar transport xizmatlarining narxiga o‘tadi. Biz hisob-kitob jarayonida buni transport xizmatlari narxida ko‘ramiz. U esa umumiy inflyatsiyaning ichida turibdi. Prognozlarimizda bu kabi narxlarni oshiruvchi taʼsirlarning barchasi inobatga olingan. Turli omillarni hisobga olib, prognozimiz 6,5 foiz darajasida shakllandi”, dedi ekspert.

Foto: Markaziy bank

Taʼkidlanishicha, inflyatsiyaga uchta asosiy oshiruvchi omil bosim o‘tkazishi kuzatilmoqda. Ulardan biri xizmatlar narxi sezilarli ortayotgani bilan bog‘liq. Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari ham yuqori saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, talabni qo‘llab-quvvatlovchi faktorlardan bo‘lgan daromadlar oshayotgani aholi isteʼmol kayfiyati yaxshilanayotgani bildirildi.

Maʼlumot uchun, 2025-yil dekabr oyida mamlakatdagi yillik inflyatsiya darajasi 7,3 foizni tashkil etgan. O‘tgan oy boshidagi prognozlarda 2026-yil yakuniga borib inflyatsiya 7 foizga tushishi prognoz qilingandi. Endilikda bu kutilma 6,5 foiz atrofida shakllangani aytildi. 

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar