Daryo

Oʻzbekistonda millionlab bolalar semizlik va ortiqcha vazndan aziyat chekmoqda — tadqiqot

Mamlakatda 5-9 yoshdagi 902 ming, 10-19 yoshli 1,9 million nafar bolada semizlik yoki ortiqcha vazn aniqlangan.

3 daqiqa o‘qish3 106 ko‘rishlar0 izoh1

Oʻzbekistonda 2025-yilda 5-9 yoshdagi 902 ming nafar, 10-19 yoshli 1,9 million nafar bolada semizlik yoki ortiqcha vazn aniqlangan. Bu haqda Global semizlik kuzatuvi federatsiyasi hisobot berdi. 

Semizlik xavfi

Tahlilga koʻra, 2040-yilga borib mamlakatda bolalarning 11 foizi semizlik, 28 foizi ortiqcha vazndan aziyat chekishi mumkin.

Tana massasi meʼyordan ortiq boʻlishi ortidan qator kasalliklar kelib chiqish ehtimoli baland. Masalan, oʻtgan yili respublikada gipertenziya (yuqori qon bosimi) bilan ogʻrigan bolalar soni 150 ming nafar boʻlgan. Bu koʻrsatkich 2040-yilga borib 282 mingga yetishi prognoz qilingan.

2025-yil yakunida 222 ming bolada triglitseridlar (tanadagi yogʻlar) darajasi yuqoriligi qayd etilgan. 15yildan keyin mazkur raqam 395 mingtaga yetishi kutilmalari bildirilgan. Oʻtgan yili 423 ming bola metabolik jigar kasalligi bilan ogʻriyotgani aniqlangan. Keyingi 15 yilda ushbu raqam 799 mingga yetishi mumkin.

Foto: Infografika: “Daryo” / Asadbek Berdiyorov
Bolalarga nosogʻlom oziq-ovqat mahsulotlari sotish cheklanmagan

Hisobotda yozilishicha, Oʻzbekistonda 1-5 oylik chaqaloqlarning 55,6 foizi tavsiya etilgan tarzda toʻliq emizilmaydi. Mamlakatda boshlangʻich va oʻrta taʼlim bosqichidagi bolalar orasida maktab ovqati bilan qamrab olinganlar ulushi 4 foizni tashkil etadi. Bundan tashqari, 6-10 yoshli bolalar kuniga oʻrtacha 100-150 ml shakarli ichimliklar isteʼmol qiladi.

Tahlilda mamlakatda bolalar uchun nosogʻlom oziq-ovqat mahsulotlarini sotishni cheklash boʻyicha amaliy choralar mavjud emasligi qayd etilgan. Shu bilan birga, 5 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun jismoniy faollik boʻyicha milliy ko'rsatmalar yoʻqligi yozilgan.

Infografika: “Daryo” / Asadbek Berdiyorov

Semizlik ayollarda koʻproq uchraydi

Mamlakatda 2035-yilga borib ayollarning 34 foizi semiz boʻlishi taxmin qilinmoqda. Bunda har uch ayoldan biri semizlik muammosiga duch keladi. Erkaklar orasida bu koʻrsatkich biroz pastroq — 26 foizga yetishi mumkin. Bu raqamlar nafaqat kasalliklarning ko‘payishiga hissa qo'shadi, balki ishlaydigan aholining unumdorligini pasaytiradi.

Semizlikning iqtisodiyotga taʼsiri

Tahlil qilinishicha, semizlik Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotiga (YIM) sezilarli darajada salbiy taʼsir koʻrsatadi. 2035-yilga borib semizlik bilan bogʻliq xarajatlar va yoʻqotishlar 4,21 milliard dollarga yetishi mumkin. Bu YIMning 2,7 foiziga teng. Mazkur miqdor 2019-yilgi 923 million dollarlik koʻrsatkichdan deyarli besh baravar koʻp. Asosiy iqtisodiy yuk nafaqat toʻgʻridan toʻgʻri davolash xarajatlaridan, balki erta oʻlim va mehnat unumdorligi yoʻqolishidan ham kelib chiqadi. Aholi jon boshiga bu muammo yiliga 99 dollar miqdorida iqtisodiy yoʻqotishga olib keladi. 

Umuman olganda, semizlik rivojlanmagan va kambag‘al davlatlar uchun katta muammo bo‘lib bormoqda. Ortiqcha vazn diabet, yurak-qon tomir kasalliklari va ayrim saraton turlari xavfini oshiradi. YuNISEF bolalar sog‘lig‘ini himoya qilish uchun hukumatlarni zarur choralar ko‘rishga chaqirib keladi. 

Dunyoda kam vaznli bolalardan ko‘ra, ortiqcha vaznlilar ko‘proq

YuNISEFning 2025-yildagi hisobotida dunyoda semirib ketgan bolalar soni ozg‘inlaridan oshib ketgani qayd etilgan. Natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2000-yildan buyon 5-19 yoshdagi ozg‘in bolalar ulushi 13 foizdan 9,2 foizga kamaygan. Ayni paytda, semizlik darajasi 3 foizdan 9,4 foizgacha oshgan — bu deyarli har 10 boladan biri semiz degani. Mazkur ko‘rsatkich taxminan 188 million bola va o‘smir semizlikdan aziyat chekayotganini anglatadi. Umumiy hisobda esa dunyoda 391 million bola va o‘smir ortiqcha vaznga ega.

Tadqiqotchilar ushbu holatga an’anaviy sog‘lom ovqatlanish o‘rnini yuqori darajada qayta ishlangan, kaloriya miqdori yuqori va narxi nisbatan arzon bo‘lgan mahsulotlar egallab borayotganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar