AQSHning Texas shtatida kutubxonadan olingan kitob 82 yil o‘tib qaytarildi. Bu haqda UPI xabar berdi.

Frensis Bryus Stray qalamiga mansub “Sizning bolangiz, uning oilasi va do‘stlari” nomli kitob 1943-yil iyulida San-Antonio jamoat kutubxonasidan o‘qish uchun olingan. Kitobxon uni 28 kun ichida qaytarish kerak edi. Biroq nusxa oradan 82 yil o‘tib, 2025-yil iyunida Oregon shtatidan posilka orqali jo‘natilgan.
Ilova qilingan xatda kitob jo‘natuvchining otasiga tegishli buyumlari orasidan topilgani, ehtimol, uni xat muallifining buvisi olgani aytilgan. Kutubxona 2021-yilda kechiktirib qaytarilgan kitoblar uchun jarimani bekor qilgani sababli, bu safar ham hech qanday to‘lov olinmagan. Avgust oxirida esa kitobni eski kitoblar do‘konida sotuvga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Bu AQSHda kitobning oradan yillar o‘tib kutubxonaga qaytarilishi bo‘yicha birinchi holat emas. Masalan, 2024-yilda Nyu Jersi shtatidagi Paterson jamoat kutubxonasiga Uilyam Shekspirning “Genrix V” pyesasi 101 yil o‘tib qaytarilgandi.
Izoh (0)