Daryo

Aholi orasida daromadlari kamayishini kutayotganlar ko‘paydi — Markaziy bank

So‘rovda qatnashganlardan deyarli to‘rtdan bir qismi kelgusi 12 oy davomida daromadi o‘zgarmasligini kutayotganini bildirgan

1 daqiqa o‘qish4 267 ko‘rishlar0 izoh0

Joriy yil II choragida O‘zbekistonda daromadlari kamayishini kutayotganlar ulushi o‘tgan yil mos davriga nisbatan ortdi. Bu haqda Markaziy bank taqdim etgan Isteʼmol kayfiyati sharhida keltirilgan.

Infografika: Markaziy bank

So‘rov natijasida aniqlanishicha, kelgusi 12 oyda aholining 65,4 foizi daromadlari ko‘payishini, 11,7 foizi esa kamayishini, 22,9 foizi o‘zgarmasligini kutmoqda.

“2024-yil mos davriga nisbatan daromadlari oshishini kutayotganlar va daromadlari kamayishini taʼkidlaganlar ulushi mos ravishda 1,7 va 1,8 foiz bandga ortgan”, deyiladi manbada.

2025-yil II choragida o‘tgan chorakka nisbatan kelgusida daromadlari oshishini kutayotganlar ulushi aholining ayrim qatlamlarida biroz pasaygan. Oyiga 5 million so‘mgacha, 7-10 million so‘m va 15-20 million so‘m daromad topadiganlar shular jumlasidan. Qolgan guruhlarda (5-7 million so‘m, 10-15 million so‘m va 20 million so‘mdan yuqori) daromadlarining oshishini kutganlar ulushi ortgan.

Infografika: Markaziy bank

Daromad manbalari bo‘yicha respondentlarning 68 foizi (2025-yilning I choragida 59 foiz) rasmiy ish haqidan daromad olishini bildirgan.

O‘tgan chorakka nisbatan mulk ijarasidan daromad oluvchilar ulushi ortgan. Tomorqa va yollanma ishlardan, kunlik ish hamda stipendiya va nafaqalardan daromad oluvchilar kamaygan.

Tadbirkorlik va savdo, pul o‘tkazmalari hamda dividend orqali daromad oluvchilar ulushi avvalgi davrdagi darajasida qolgan.

“Kelgusidagi daromadlar bo‘yicha kutilmalar sohalar kesimida turlicha shakllanmoqda. Ayniqsa, kafe-restoran, tashish xizmati, qurilish, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, davlat boshqaruvi, turizm va fan-taʼlim sohalarida faoliyat yurituvchi respondentlarning 70 foizdan ortig‘i kelgusida daromadlari o‘sishini kutmoqda”, deya qayd etgan Markaziy bank.

Axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalari, kommunal xizmatlar, tibbiyot, maishiy xizmat va savdo sohalaridagi respondentlarning 60 foizdan ko‘pi kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda.

Markaziy bank mamlakatdagi aksar korxonalar to‘liq quvvatda ishlashiga gaz va elektr uzilishlari to‘siq bo‘layotganini bildirgandi. 

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar