Daryo

Ayrim korxonalar to‘liq quvvatda ishlashiga gaz va elektr uzilishlari to‘siq bo‘lmoqda — Markaziy bank

O‘tkazilgan so‘rovda tadbirkorlar biznesiga qator omillar salbiy ta’sir qilganini bildirgan. Jumladan, energiya taʼminoti masalasi universal muammo sifatida qayd etilgan

2 daqiqa o‘qish5 852 ko‘rishlar0 izoh0

Joriy yil II choragida O‘zbekistonda aksar korxonalar to‘liq quvvatda ishlashiga gaz va elektr taʼminotidagi uzilishlar to‘sqinlik qilgan. Bu haqda Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovda aniqlangan.

Toshkent shahri va viloyati bo‘yicha ko‘rsatkichlar
Infografika: Markaziy bank

Iyul oyida mamlakatning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida so‘rov o‘tkazilgan. Tadqiqotda iqtisodiy faollik, tadbirkorlik muhiti va bandlik bilan bog‘liq masalalar o‘rganilgan. Jumladan, ayrim korxonalar to‘liq quvvatda ishlashiga to‘siq bo‘layotgan omillar tahlil qilingan.

Toshkent shahri va viloyatida ayrim korxonalar faoliyatida imkoniyat cheklanishiga gaz va elektr taʼminotidagi uzilishlar sabab bo‘lgan. O‘z navbatida yuqori ijara xarajatlari, avtomobil yonilg‘isi qimmatlashuvi, maʼmuriy aralashuvlar kabi omillar ham ikki hududdagi biznesga salbiy taʼsir qilgani qayd etilgan.

 
Buxoro, Navoiy, Samarqand va viloyatlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar
Infografika: Markaziy bank

Buxoro, Navoiy, Samarqandda ham energiya muammosi asosiy to‘siqlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Mazkur hududlardagi tadbirkorlar yuqoridagi omillarga soliq tizimidagi qiyinchiliklarni qo‘shimcha qilingan. Qolgan hududlardagi tadbirkorlar mablag‘ yetishmasligidan ham aziyat chekayotganini keltirib o‘tgan.

Tahlilga ko‘ra, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida tashish, hunarmandchilik va ishlab chiqarish tarmoqlari quvvatlaridan to‘liq foydalana olmayapti. Bunga asosiy to‘siqlar: aylanma mablag‘lar yetarli emasligi, soliq tizimidagi qiyinchiliklar, energiya taʼminotidagi uzilishlar va talabning yuqori emasligida.

So‘rov natijalaridan barcha hududlar uchun universal muammo — energetika uzilishlari ekanini ko‘rish mumkin.

Tadqiqot davrida tadbirkorlarning moliyaviy holati ham o‘rganilgan. Ular orasida oxirgi uch oyda qarz majburiyatlari oshganini bildirganlar ulushi ortgan. Shu bilan birga, qo‘shimcha kreditlarga bo‘lgan talab borasidagi kutilmalarda ijobiy tendensiyalar saqlanib qolmoqda.

“Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida kelgusi chorakda kredit resurslariga ehtiyoj sezilarli oshishi kutilmoqda. Turizm, qurilish va hunarmandchilik sohalaridagi tadbirkorlar tomonidan kredit mablag‘lariga nisbatan yuqori qiziqish bildirilmoqda”, deyiladi Markaziy bank tahlilida.

Manba o‘rta muddatli istiqbolda tadbirkorlarning mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga bo‘lgan ishonchi ijobiy saqlanayotganini qayd etgan.

Avvalroq Markaziy bank tadqiqotida non narxi nega qimmatlashgani o‘rganilgandi. Natijalarga qaraganda, mamlakatda oxirgi besh yilda non narxi 77,6 foizgacha oshgan. 

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar