Surxondaryoda it bolalarini quloqlarini uzib tashlagan yigitga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda 22-fevral kuni viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.
Unda keltirilishicha, Sherobod tumanida yashovchi fuqaro O.Y. o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida itning 3 bosh bolasiga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lib, ularning quloq qismlarini qo‘l bilan yulib tashlagani aks etgan video materialni joylashtirgan.
21-fevral kuni holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborilgandi. Holat huquqbuzar yashovchi mahallada ham muhokama qilinib, yig‘ilish ishtirokchilariga hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik qonunchilikka muvofiq jazolanishi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan.
“Men joriy yilning 20-fevralida o‘zimga tegishli bo‘lgan kuchuk bolalarining quloqlarini shafqatsizlarcha yulib oldim va videosyomka qilib Instagram’ga joyladim. Bu qilgan ishlarimdan mingdan-ming afsusdaman. Xalqimizdan uzr so‘rayman. Boshqalarga ham maslahat bermayman”, degan u sud majlisida.
Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jazo
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, yaʼni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish, BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 mln 236 ming so‘mdan 2 mln 60 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2 mln 60 ming so‘mdan 4 mln 120 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.








