Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Euronews bilan eksklyuziv suhbat o‘tkazdi. Unda yahudiy vaziri Yevropa Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejasida qatnashmayotganini aytdi.
Unga ko‘ra, Yevropa asosan falastinlik terrorchilar va radikal islomchi ozchiliklarga yon berib, zaiflashgan. Netanyaxu bu holat Yevropani ahamiyatsiz qilib qo‘yganini ta’kidlagan. Uning fikricha, o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusi va rahbarligini AQSH prezidenti Donald Tramp qo‘lga olgan. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqining 27 a’zo davlatidan 15 tasi Falastin davlatini tan olish qarorini keskin tanqid qilib, buni islomchilarga eng katta mukofot deb atagan.
“Yevropa Falastin davlatini tan oldi. Bu HAMAS uchun yahudiylarga qarshi qirg‘in amalga oshirganlik uchun mukofot bo‘ldi”, degan Netanyaxu.
Bosh vazir bu qaror nafaqat Isroil, balki butun Yaqin Sharq uchun katta zarar keltirganini bildirgan.
“Tasavvur qiling, kimdir Usama bin Laden va Al-Qoidaga hokimiyat beraylik desa va u davlat Nyu York yaqinida bo‘lsa. Ular bizdan shuni talab qilishmoqda. Bu tinchlikka olib kelmaydi. YI rahbarlari Isroilni zaiflashtirib, uni yangi Falastin davlati bilan kurashishga majbur qilmoqda. Bu mutlaqo mantiqsiz”, degan yahudiy bosh vaziri.
Isroil bosh vaziri Yevropa rasmiylari bilan doimiy aloqada ekanini aytib, ular qarorlarini o‘zgartirishiga umid bildirgan. Yevropa Ittifoqi Tramp taklif etgan tinchlik tashabbusini ijobiy qabul qilgan. Ittifoq Yevropada tinchlikka erishish uchun yagona yo‘l ikki davlat yechimi ekanini ta’kidlamoqda.








