Ekologiyaga zarar yetkazganlarga nisbatan qo‘llanilayotgan jarimalar miqdori kamligi bois, bu chora o‘z samarasini bermayapti. Bu haqda 7-aprel kuni bo‘lib o‘tgan Senatning 14-yalpi majlisida ma‘lum qilindi.
Unda Senatning agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ahamiyatiga to‘xtaldi.
Senator ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida ayrim muammolar mavjudligini taʼkidladi.
Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori kamligi sababli ular o‘zining sezilarli tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini bermayotgani bildirildi.
“Misol uchun daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlarini ruxsatsiz bajarganlik uchun 20 million so‘mdan 41 million so‘mgacha jarima belgilangan bo‘lsa-da, 2025-yilda bu kabi qasddan davom ettirilgan hamda 300 ga yaqin holat aniqlangan”, dedi senator Anvar Tuychiyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Maʼmuriy jarimalar mansabdor shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi esa korxonalar uchun sezilarli moliyaviy taʼsir ko‘rsatmasdan, ularning haqiqiy mulkdorlarida “jazosizlik tuyg‘usi” shakllanishiga olib kelmoqda.
“Ifloslantiruvchi moddalarni normativdan ortiqcha atmosferaga chiqargan korxonalar qo‘llanilgan 2 million 800 ming so‘m jarimani ijro etuvchi organlarga to‘lab berib, o‘z faoliyatini go‘yoki hech narsa bo‘lmagandek davom ettirmoqda. Natijada ko‘plab ayrim sanoat va qurilish korxonalarida ‘jarimani to‘lash arzonga tushadi’, degan fikr shakllanib qolmoqda”, dedi Senat qo‘mitasi raisi.
Yalpi majlisda ta’kidlanishicha, hududlardagi ayrim issiqxonalarda ishlatilib bo‘lingan shinalar, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi kabi chiqindilarni yoqish holatlari hali ham davom etyapti. Buning oqibatida atmosfera havosi jiddiy ravishda ifloslanmoqda.
Amaliyotda bunday muammolar ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazganlik holatlari uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishni taqozo etayotgani aytildi.
Kuchaytirilayotgan javobgarlik
Taklifga ko‘ra, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun yangi bob bilan to‘ldirilyapti. Unda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilanmoqda.
Yuridik shaxslar aybini tan olganda moliyaviy sanksiya Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan qo‘llaniladi. Nizo mavjud bo‘lgan taqdirda yoki yuridik shaxs moliyaviy sanksiya qo‘llash qarori qabul qilingan kundan e’tiboran 1 oy muddatda jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lamagan taqdirda, masala sud tartibida hal etiladi.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik) to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, endi yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilg‘ini, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalar aralashmasini, yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni va chiqindilarni ochiq alanga oldirib yoqish ham jazolanadi. Qolaversa, ushbu modda doirasida issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa obyektlarda yoqilg‘i sifatida shinalarni, bitumni, mazutni, plyonkani, sintetik kartonni, rezinani, jun tolasini yoqish va shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan chiqindilarni yoqish uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga, davlat ekologik nazoratini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.








