AQSH va Eron ehtimoliy kelishuvning 15 ta bandi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda prezident Donald Tramp Floridada jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
Trampning soʻzlariga koʻra, Tehron yadro quroliga hech qachon ega bo‘lmaslikka rozi bo‘lgan. U Eron vakillari bilan “juda qizg‘in” muzokaralar olib borilayotganini ta’kidladi. Biroq Vashington aynan kim bilan muloqot qilayotganiga aniqlik kiritmadi.
Shu bilan birga, Tramp suhbatdoshi Eronning yangi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy emasligini, balki mamlakatdagi eng obro‘li shaxslardan biri ekanini aytdi. Axios nashri isroillik amaldorga tayanib yozishicha, gap parlament spikeri Muhammad Bagʻir G‘olibaf haqida ketmoqda. Vositachi davlatlar uning ishtirokida Pokiston poytaxti Islomobodda “ehtimol hafta oxirida” bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Amerika tomonidan muzokaralarda Trampning maxsus vakili Steve Uitkoff, kuyovi Jared Kushner va, ehtimol, vitse-prezident Jey Di Vens ishtirok etadi. Axios’ning yana bir manbasiga ko‘ra, G‘olibaf va Tramp jamoasi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lmagan, biroq tomonlar Misr va Turkiya orqali xabar almashgan. Oq uy rahbari Eronda sodir bo‘layotgan voqealarni “rejim o‘zgarishi” deb atab, tomonlar o‘rtasida telefon orqali muloqot ham bo‘lib o‘tganini aytdi.
Eron AQSH bilan muzokaralar olib bormayotganini aytmoqda
Gʻolibafning o‘zi X’dagi akkauntida AQSH bilan ”hech qanday muzokaralar olib borilmagani” taʻkidladi. U AQSH “feyk yangiliklardan moliya va neft bozorlarini manipulyatsiya qilish, oʻzi va Isroil o‘ralashib qolgan botqoqdan chiqish uchun foydalanayotgani”ni aytdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi 28-fevral kuni hujumlar boshlaganidan keyin AQSH bilan muzokara olib borilmaganini maʻlum qildi.
“Vositachi davlatlar AQSH urushni to‘xtatish uchun muzokaralarga tayyorligini ko‘rsatuvchi signal yuborgan, biroq Tehron ularga javob bermagan”, dedi vazirlik vakili.
Tramp 23-mart kuni AQSH Eron elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga zarba berishni besh kunga toʻxtatishini ma’lum qildi. U bu qarorni Amerika va Eron o‘rtasidagi ikki kunlik “juda muvaffaqiyatli va samarali muzokaralar”dan so‘ng qabul qilganini aytdi. Biroq Tehron muzokara olib borilganini rad etib kelmoqda.
Urushning to‘rtinchi haftasida Yaqin Sharq bo‘ylab 2000 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Eronda Isroil va Amerika zarbalari oqibatida 1200 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Livanda kamida 1000 kishi, Isroilda esa 15 kishi qurbon bo‘ldi. O‘n uch nafar AQSH harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi, yana ikki nafari jangovar bo‘lmagan sabablarga ko‘ra vafot etdi.








