Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi 29-oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MSK matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda hududiy saylov komissiyalarining siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarni aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalariga asosan yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylov natijalarini belgilash va deputatlik mandatlarini siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylovda deputatlik o‘rinlari siyosiy partiyalar o‘rtasida quyidagicha taqsimlandi:
- O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi – 26 ta deputatlik o‘rni;
- “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 14 ta deputatlik o‘rni;
- Xalq demokratik partiyasi – 13 ta deputatlik o‘rni;
- “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 12 ta deputatlik o‘rni;
- Ekologik partiyasi – 10 ta deputatlik o‘rni.
Deputatlik mandatlari taqsimlangan siyosiy partiyalar va partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan deputatlarga xabarnomalar yuborish belgilandi.
Avvalroq deputatlik saylovining dastlabki natijalari e’lon qilingandi.
O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish jarayoni 27-oktyabr kuni 11 ming 28 ta saylov uchastkalarida soat 08:00 da boshlanib, soat 20:00 gacha davom etdi.
Bu yilgi saylovlarda saylov jarayonini boshqarishning avtomatlashgan tizimidagi saylovchilarning elektron ro‘yxatiga O‘zbekistondagi 19 million 944 ming 859 nafar saylovchi kiritilgandi. Bundan tashqari, chet ellardagi saylovchilar 165 ming 631 nafarni tashkil etdi. Shundan 140 388 nafari saylovda ishtirok etdi.
40 ta xorijiy davlatdagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida 57 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan. Xorijdagi saylov jarayonlarining dastlabkisi Yaponiya va Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04:00 da boshlandi. Ovoz berish jarayonlarining so‘ngisi AQSHdagi vakolatxonalarda Toshkent vaqti bilan 28-oktyabr soat 05:00 da yakunlandi.
27-oktyabr soat 13:00 holatiga ko‘ra, 19 944 859 nafar saylovchidan 9 948 589 nafari yoki 47,62 foizi ovoz berishda ishtirok etdi va deputatlik saylovi o‘tgan deb hisoblandi.
Bu yilgi saylovlar yangilangan Konstitutsiya va milliy saylov qonunchiligiga binoan, aralash saylov (majoritar-proporsional) tizimi asosida o‘tkazildi.
Izoh (0)