O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston istiqbolli uran konlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borishga kelishib oldi, deb xabar berdi Navoiyuran davlat korxonasi axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiyuran va Uzbek Overseas Geology Company delegatsiyasi Mo‘g‘ulistonga amaliy tashrif bilan borib, Mon Atom davlat kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvda tomonlar 2026-yilda Mo‘g‘ulistondagi istiqbolli uran konlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish masalalarini muhokama qildi.
Tomonlar Uzbek Overseas Geology Company va Mon Atom o‘rtasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha strategik shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Shuningdek, ikki davlat vakillari istiqbolli uran konlari bo‘yicha geologik va ekologik loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziya olish uchun zarur hujjatlarni Mo‘g‘uliston vakolatli organiga taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, litsenziyalar rasmiylashtirilgandan so‘ng geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun Mo‘g‘ulistonda faoliyat yuritayotgan burg‘ulash va geofizika kompaniyalari bilan shartnomalar tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Xususan, birinchi bosqichda ajratilgan maydonlarda qariyb 60 ming pogon metr hajmdagi kompleks burg‘ilash ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Natijalarga ko‘ra konlarning potensial zaxiralari baholanadi va keyingi bosqichdagi geologiya-qidiruv ishlari dasturi aniqlanadi.
Fevral oyi oxirida O‘zbekiston konchilari Afg‘onistonda uglevodorod qazilmalarini qidirish va geologik-qidiruv ishlari amalga oshirishni boshlagani haqida xabar berilgandi. Bu ishlar ham Uzbek Overseas Geology Company tomonidan amalga oshirilmoqda.








