Daryo

O‘zbekiston Afg‘onistondagi konlarda geologik-qidiruv ishlarini boshladi

Uzbek Overseas Geology Company tomonidan uglevodorod resurslari, shuningdek temir va mis konlarini aniqlash ishlari olib boriladi.

1 daqiqa o‘qish3 556 ko‘rishlar0 izoh1

O‘zbekiston konchilari Afg‘onistonda uglevodorod qazilmalarini qidirish va geologik-qidiruv ishlari amalga oshirishni boshladi. Bu haqda 24-fevral kuni Kon-geologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, geologik-qidiruv ishlarini Uzbek Overseas Geology Company tomonidan amalga oshiriladi. Jarayon Muhammad-Jandagar, Shamar va Ahmadobod bloklarida olib borilib, uglevodorod resurslari, shuningdek temir va mis konlarini aniqlashga qaratilgan.

Foto: Kon-geologiya vazirligi

Balx viloyati hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mavlaviy Nurul Xodi Abu Idris hamda kompaniya bosh direktori Xayitboy Omonov ishtirokida geologik-qidiruv ishlariga rasman start berildi. Kompaniya afg‘on tomoni bilan olib borilgan muzokaralar yakunida tegishli litsenziyani qo‘lga kiritdi. 

Mazkur loyiha O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Afg‘oniston Islom Amirligining Tog‘-kon sanoati va neft vazirligi o‘rtasida ilgari imzolangan hamkorlik kelishuvi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu kelishuv 2025-yilning avgustida O‘zbekiston Geologiya va tog‘-kon sanoati vazirligi hamda Afg‘oniston Tog‘-kon sanoati va neft vazirligi o‘rtasida imzolangandi.

Foto: Kon-geologiya vazirligi

Kelishuv doirasida:

  • Afg‘oniston hududida joylashgan Muhammad-Jandagar, Shamar va Ahmadobod bloklarida uglevodorod qazilmalarini qidirish va geologik-qidiruv ishlari amalga oshiriladi;
  • qazib chiqarish huquqi ustuvor ravishda O‘zbekiston tomoni tuzadigan operatsion kompaniyaga beriladi;
  • geofizik tadqiqotlar, hisobotlar va texnik-iqtisodiy asoslar tayyorlash ishlari o‘zbek mutaxassislariga yuklatiladi;
  • Afg‘oniston tomoni loyihalarga eksklyuziv huquq berilishi va zarur ruxsatlarni taqdim etishni kafolatlaydi;

Bu kelishuv ikki yillik eksklyuziv muddatga ega bo‘lib, keyingi bosqichda xalqaro tajribalar asosida hamkorlik yanada kengaytiriladi.

Uzbek Overseas Geology Company haqida

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, Uzbek Overseas Geology Company 2025-yil fevral oyida ro‘yxatga olingan. Ustav kapitali 12,97 milliard so‘m bo‘lgan kompaniya “boshqa toifalarga kirmaydigan konchilik faoliyati” bilan shug‘ullanadi. Taʼsischilari “Oʻzbek geologiya qidiruv” va “Oʻzbekgeofizika” hisoblanadi (har biri 50 foizdan).

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar