AQSHning Sportico nashri 2025-yilda eng ko‘p daromad qilgan sportchilar reytingini e’lon qildi. Reytingda Portugaliya terma jamoasi hamda Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi futbolchi Krishtianu Ronaldu yetakchilik qilmoqda. Hujumchi 2025-yil davomida 260 million dollar daromad bilan barcha sportchilar orasida birinchi o‘rinni egalladi.
Ikkinchi pog‘onadan meksikalik charm qo‘lqop ustasi Saul “Kanelo” Alvares joy oldi. Bokschi o‘tgan yili 137 million yevro daromad qilgan. Kuchli uchlikni esa Argentina terma jamoasi hamda AQSHning “Inter Mayami” klubi hujumchisi Lionel Messi yakunlagan — 130 million dollar.
2025-yilda eng ko‘p daromad topgan top-10 sportchi:
- Krishtianu Ronaldu (futbol) — 260 mln dollar
- Saul “Kanelo” Alvares (boks) — 137 mln dollar
- Lionel Messi (futbol) — 130 mln dollar
- Xuan Soto (beysbol) — 129,2 mln dollar
- Lebron Jeyms (basketbol) — 128,7 mln dollar
- Karim Benzema (futbol) — 115 mln dollar
- Stiven Karri (basketbol) — 105,4 mln dollar
- Syohey Otani (beysbol) — 102,5 mln dollar
- Kevin Dyurant (basketbol) — 100,8 mln dollar
- Jon Ram (golf) — 100,7 mln dollar
Qayd etish joiz, ro‘yxatdan 3 nafar futbolchi va 3 nafar basketbolchi joy olgan. Shuningdek, reytingda 2 nafar beysbolchi, bittadan golf ustasi va bokschi ham bor.
Ma’lumot o‘rnida, Ronaldu ushbu reytingda 2024-yilda ham yetakchi bo‘lgan. O‘shanda ham u xuddi shu miqdorda — 260 million dollar daromad bilan yetakchilik qilgan. Ikkinchi o‘rinni Stiven Karri (153,8 mln dollar), uchinchi pog‘onani esa bokschi Tayson Fyuri (147 mln dollar) egallagan edi.








