Daryo

JCH-2026. Ispaniya o‘z tarixida ikkinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritdi

“Qizil furiya” Argentinaga qarshi final uchrashuvida minimal hisobda g‘alaba qozondi.

1 daqiqa o‘qish14 959 ko‘rishlar0 izoh16

Ispaniya milliy terma jamoasi JCH-2026 hal qiluvchi finalida Argentina ustidan g‘alaba qozonib (qo‘shimcha bo‘limlarda 1:0), o‘z tarixida ikkinchi marta Jahon chempioniga aylandi. AQSHning Ist-Raterford shahridagi “Metlayf” stadionida bo‘lib o‘tgan ushbu tarixiy uchrashuvdagi yagona gol Ferran Torres nomiga yozildi.

O‘yinning asosiy vaqti nursiz durang bilan yakunlangach, qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilindi. 106-daqiqada kiritilgan yagona gol Ispaniyaga oltin medallarni keltirdi. Qayd etish joizki, ikkinchi taymga qo‘shib berilgan vaqtda Argentina terma jamoasi yarim himoyachisi Enso Fernandes ikkinchi sariq kartochkasini olib, maydondan chetlatilgan edi.

Shu tariqa, Argentina terma jamoasi amaldagi Jahon chempioni maqomini ispanlarga topshirib, musobaqaning kumush medallari bilan kifoyalandi.

Ispaniya terma jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta mundial finalida maydonga tushib, har ikkisida ham g‘alabani tantana qildi. “Qizil furiya” o‘zining ilk oltin medalini 2010-yili qo‘lga kiritgan edi. Shu tariqa, ispanlar chempionliklar soni bo‘yicha Fransiya va Urugvayga (2 tadan) yetib oldi. Bu borada mutlaq rekordchi hanuzgacha Braziliya (5 ta chempionlik) bo‘lib turibdi. Keyingi o‘rinlarda Italiya hamda Germaniya (4 tadan) va Argentina (3 ta) bormoqda. Angliya hisobida esa 1 ta chempionlik mavjud.

Ma’lumot o‘rnida, JCH—2026 musobaqasi 11-iyundan 19-iyulga qadar davom etdi. Tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etgan ushbu mundial birdaniga uchta mamlakat — AQSH, Meksika va Kanada hududlarida bo‘lib o‘tdi.

Navbatdagi Jahon chempionati ilk mundialning 100 yillik yubileyi nishonlanadigan yilda o‘tkaziladi. 2030-yilgi turnirga Ispaniya, Marokash va Portugaliya birgalikda mezbonlik qiladi. Biroq musobaqaning dastlabki uchta o‘yini Argentina, Paragvay hamda 1930-yildagi debyut turnirini qabul qilgan Urugvayda bo‘lib o‘tadi. 

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar