Argentina terma jamoasi va “Inter Mayami” klubi sardori Lionel Messi otasi vafotidan so‘ng yaqinlari bilan birga bo‘lish uchun futboldan tanaffus olmoqchi. Futbolchi joriy hafta otasining dafn marosimida ishtirok etish uchun Argentinaga qaytgan edi.
Manbaga ko‘ra, Messi hozircha vatanida qoladi, uning AQSHga qachon qaytishi esa noma’lum.
Otasi Xorxe Messining vafoti futbolchiga qattiq ta’sir qilgan. Shu sababli u “Inter Mayami” safidagi ishtirokini vaqtincha to‘xtatib, hozircha AQSHga qaytmaslikka qaror qilgan.
Messi otasining vafoti haqidagi xabarni olgach, AQSHdagi ishlarini to‘xtatib, oilasi bilan birga bo‘lish uchun Argentinaga yo‘l olgan.
Avvalroq Xorxe Messi 68 yoshida Rosario shahridagi klinikada vafot etgani xabar qilingandi. U uzoq vaqt davomida kasallik bilan kurashgan, biroq uning aynan qanday turdagi xastalik ekani ma’lum qilinmagan. U joriy yilda salomatligi bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekkan va Jahon chempionati uchrashuvlarini tomosha qilish uchun AQSHga bora olmagandi.
Lionel otasi bilan muntazam ravishda telefon orqali gaplashib, uning sog‘lig‘idan xabar olib turgan. Ayrim paytlarda Xorxening ahvoli yaxshilanayotgandek ko‘ringan bo‘lsa-da, kasallik jiddiy bo‘lgan.
Xorxe Messi o‘g‘lining futbolchilik faoliyatida muhim rol o‘ynagan va Lionelning ilk faoliyatidanoq uning yonida bo‘lgan. U Messining birinchi maslahatchisi va agenti sifatida faoliyat yuritgan.








