Rossiya 2024-yil fevralida Avdeyevkani bosib oldi. Shundan buyon ruslar uchun ayrim yutuqlar qo‘lga kiritilgan bo‘lsa-da, ularning hech biri hozir jabhaning eng qaynoq uchastkasiga aylangan Pokrovskchalik ahamiyatga ega emas. U mamlakat markazini Donbassga bog‘lovchi M30 avtomagistralida joylashgan bo‘lib, Ukraina armiyasining Donetsk viloyatidagi muhim logistika markazi hisoblanadi. Boisi Pokrovskda urush arteriyasi vazifasini o‘taydigan temiryo‘llar tutashgan.
Qolaversa, Pokrovsk Ukraina nazoratida qolayotgan Donbassdagi eng so‘nggi ko‘mir konlariga ega. Shaharda yirik sanoat korxonalari mavjud. Uning qo‘ldan ketishi Donbassda jang qilayotgan bo‘linmalar uchun ta’minot zanjirini qayta ko‘rib chiqishni, logistika xabini Konstantinovka, Kramatorsk yo‘nalishlariga ko‘chirishni taqozo qiladi.
Rossiya armiyasining Pokrovsk yo‘nalishidagi hujumlari yoz oylarida avj oldi. Biroq Ukraina tomoni shaharga rezervlarni olib kelish va Kursk viloyatida amaliyot boshlash orqali bosimni qisman kamaytirdi. Biroq 30-oktyabrga kelib qo‘shni Selidovo shahrining Rossiya nazoratiga o‘tgani rasman tasdiqlangach, ukrainaliklar uchun vaziyat yanada yomonlashdi.
Shundan so‘ng Rossiya qurolli kuchlari Novoselivka, Pustinka va Jeltoye aholi maskanlarini egallab, Pokrovskni janubdan aylanib o‘tishga harakat boshladi. “Qurshovga tushib qolmaslik” vaji bilan Selidovoni tashlab chiqqan Ukraina bo‘linmalari shahar atrofida mudofaa devorini tashkil eta olmadi. Mazkur omil rus armiyasi uchun bir yarim oy ichida 11 km ilgarilab kirish imkonini berdi. Bu pozitsion urush sharoitida juda yirik muvaffaqiyat hisoblanadi.
Ukrainalik harbiy sharhlovchi, “Tsenzor.net” nashri bosh muharriri Yuriy Butusov Rossiya armiyasining g‘arbiy yo‘nalish bo‘ylab ilgarilashini to‘xtatish uchun Novotroitskoye va Shevchenko qishloqlari orasida mudofaa istehkomi qurilgani, biroq jangovar samaradorlik bilan bog‘liq omillar sabab Ukraina qo‘shinlari ularni kuchli qarshiliksiz tashlab chiqqani haqida ma'lum qilgan. Uning fikricha, vaziyat “o‘ta og‘ir va tekshiruv o‘tkazishni talab qiladi”.
Rus armiyasi tez o‘rganyapti.
Rossiya armiyasi urushning dastlabki yillarida bo‘lganidek to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlar amaliyotidan kam foydalanmoqda. Buning o‘rniga yirik aholi maskanlarini aylanib o‘tib, ta’minot yo‘llarini kesib qo‘yish, shu orqali Ukraina garnizonini chekinishga majburlash usuli keng qo‘llanilyapti. Ushbu taktika avvaliga Ugledar, so‘ng Selidovoning qo‘ldan ketishiga sabab bo‘ldi. Rossiyaliklar mazkur ssenariyni Pokrovsk bilan ham takrorlamoqchi. Xuddi shu maqsadda Shevchenko hamda Novotroitske yo‘nalishlari bo‘ylab hujumlar boshlangan. O‘z navbatida, Ukraina qo‘mondonligi mazkur aholi punktlariga qo‘shimcha kuchlar tashladi.
Shu bilan bir vaqtda, Rossiya armiyasi qanotlar xavfsizligini ta’minlash uchun ham janglar olib bormoqda. Pushkino, Zarya hamda Sontsovka aholi maskanlarining muayyan qismi Ukraina nazoratidan chiqqan yoki ular uchun kurash davom etyapti.
Pokrovsk qo‘ldan ketadimi?
Ukraina armiyasi yo‘qotilgan pozitsiyalarni qaytarib olishga harakat qilayotgani haqida xabarlar bor. “Xortitsa” operativ-strategik qo‘shinlar guruhi vakili Nazar Voloshinning aytishicha, Ukraina qurolli kuchlari Shevchenko yo‘nalishidagi Noviy Trud aholi maskanini ozod qilish uchun janglar boshlagan. Biroq resurslar, eng avvalo shaxsiy tarkib taqchilligi bois hujum amaliyotlari sur'ati va qancha davom etishi noma'lum.
Rossiya qurolli kuchlarining Pokrovk janubidagi Shevchenko aholi maskaniga yetib kelishi Ukraina armiyasi uchun ta’minotni murakkablashtirdi. Bu rossiyaliklarga M30 avtomagistrali bo’ylab harakatlanayotgan transport vositalari hamda temir yo‘l infratuzilmasini nishonga olish imkonini berdi. Boisi ikki o‘rtadagi masofa artilleriya, hatto FPV-dronlar bemalol yetib bora oladigan darajada qisqardi.
Ukrainalik harbiy tahlilchi Mixail Jiroxovning o‘z manbalariga tayanib chiqargan xulosasi mazkur qarashni tasdiqlaydi. U endilikda Pokrovsk-Pavlograd-Dnepr yo‘nalishidan ta’minot maqsadlarida foydalanish mumkin emasligini aytib, harbiylarga boshqa yo‘nalish izlashni tavsiya qilgan.
Agar logistika bilan bog‘liq vaziyat sezilarli darajada yomonlashsa, Ukraina qurolli kuchlari shaharni butunlay tark etishga majbur bo‘lishi mumkin. Tahlilchilar fikricha, har bir ko‘cha, har bir bino uchun janglar bo‘lishi, boshqacha aytganda, “Baxmut go‘sht maydalagichi” takrorlanishi ehtimoli kam.
Bu Ukraina uchun qanday oqibatlarga olib keladi?
Pokrovsk Ukraina armiyasining Donetsk viloyatidagi eng so‘nggi yirik sanoat markazi hisoblanadi. Uning qo‘ldan ketishi Ukraina qurolli kuchlarining logistika zanjiriga zarba berish bilan bir qatorda, sanoat korxonalarini ko‘mir konlaridan ham mahrum qiladi.
Bundan tashqari, Pokrovskning siyosiy ahamiyati ham bor. U Rossiya armiyasi uchun Donetsk viloyatining chegalariga chiqish imkonini beradi. Bu rus rasmiylari tomonidan bir-necha bor e’lon qilingan urush maqsadlari – viloyatning ma’muriy chegaralarini to‘la egallash bilan mos keladi.
Humoyun Tojiddinov tayyorladi
Izoh (0)