Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman gaz taʼminoti korxonasi sobiq bo‘lim boshlig‘i Qodirjon Xayrullayev ushbu tumandagi 7-sonli hibsxonadan sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli shifoxonaga olib ketilayotganda, vafot etdi.
Bu haqda “Daryo”ning bir-biridan mustaqil ikki manbasi xabar berdi. Marhumning sobiq hamkasblaridan biri ham mazkur voqeani tasdiqladi.
U bundan biroz avval tuman hokimining yig‘ilishlaridan birida, hokimlik zalida qo‘lga olingandi. Ayni paytda u ayblanayotgan moddalar bo‘yicha tergov jarayoni ketayotgan bo‘lgan, deydi manbalardan biri.
E’tiborlisi, Qodirjon Xayrullayevning tuman hokimligidagi yig‘ilish davomida hibsga olinganini rad etgan Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilmaganini tan oldi.
Marhum o‘limidan oldin tuman hokimligidagi yig‘ilish davomida hibsga olingan degan maʼlumot xato. Aslida holat boshqacha bo‘lgan ekan. Bu haqda bizga tuman hokimining (Jamshid Nasriddinov - tahr.) shaxsan o‘zi maʼlum qildi. Hokimning aytishicha, tuman gaz xodimi tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan bo‘lgan. Va tuman hokimligidagi barcha tashkilot vakillari ishtirok etayotgan yig‘ilishga, kimda kim noto‘g‘ri qadam qo‘ysa, xuddi shu xodim kabi ahvolga tushadi, deya ibrat bo‘lishi uchun olib borilgan. Uning yig‘ilish paytida qo‘lga olingani noto‘g‘ri maʼlumot, dedi Mirzo Ixtiyorov.

Mazkur holatga munosabat bildirgan Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov marhumning badanida hech qanday jarohat izlari yo‘qligini, u kasalligi sabab vafot etganini maʼlum qildi.
21-fevral kuni soat 17:35 larda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumani 7-sonli tergov hibsxonada saqlanayotgan, Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan ayblanib, qamoqqa olingan, 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro Q.X. sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib borish vaqtida, shu kuni soat 18:00 larda vafot etgan, dedi Shohrux G‘iyosov.
Vazir rasmiysining ta’kidlashicha, birlamchi sud-tibbiyot tashxisiga ko‘ra, marhumning vafoti “ikkinchi tip qandli diabetning og‘ir asoratlari” natijasida yuzaga kelgan.
IIVning qo‘shimcha qilishicha, ayblanuvchi 2026-yilning 18-fevral kuni kasalligi sababli Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilib, akasi X.X.ga xabar qilingan va ularga shifoxonada qo‘shimcha ravishda uchrashuv tashkil etilgan.
Ayblanuvchi kerakli muolajalardan so‘ng 2026-yil 20-fevral kuni Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi shifokorlarining xulosasiga asosan sog‘lig‘i qoniqarli bo‘lgani sababli hibsxonaga qaytarilgan, deydi Shohrux G‘iyosov.
Biroq 7-sonli tergov hibsxonasida marhumga doimiy tibbiy muolajalar olishiga sharoit yaratilgan yoki yo‘qligi, ahvoli og‘irlashganda birinchi tibbiy yordam qay tartibda ko‘rsatilganiga oydinlik kiritilmadi.

Hayot Shamsutdinov
Foto: “Daryo”
Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning “Daryo”ga bildirishicha, 35 yoshli marhumning tasodifiy o‘limi bo‘yicha prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Daryo” respublika tez tibbiy yordam markazining Samarqand viloyati masʼullariga murojaat qilib, Qodirjon Xayrullayev uchun tez yordam soat nechada, kim tomonidan chaqirilgani, tez yordam qancha vaqtda yetib borgani va bemor ahvoli o‘sha payt qanday bo‘lgani haqidagi savollarga oydinlik kiritishga harakat qildi. O‘zini Shohrux Shopo‘latov deya tanishtirgan masʼul bu axborotlarni olish uchun rasmiy xat bilan murojaat qilish zarurligini aytib, og‘zaki murojaatlarni qabul qilmasligi va savollarga javob bermasligini maʼlum qildi.
“Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi.








