Daryo

Samarqandda qo‘shnisining qo‘yini urib o‘ldirgan erkak 5 sutkaga qamaldi

U qo‘shnisiga tegishli bo‘lgan qo‘yga shafqatsiz munosabatda bo‘lib, tosh va tayoq bilan urgan. Huquqbuzar aybiga iqror bo‘lgan.

2 daqiqa o‘qish3 184 ko‘rishlar0 izoh1

Samarqand viloyati Nurobod tumanida qo‘shnisining qo‘yini shafqatsiz tarzda urib o‘ldirgan erkakka sud hukmi o‘qildi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Aniqlanishicha, 1987-yilda tug‘ilgan I.E. 2026-yil 23-fevral kuni soat 10:30 atrofida qo‘shnisi A.B.ga tegishli bo‘lgan bir bosh qo‘yni tosh va tayoq bilan urgan. Natijada hayvon nobud bo‘lgan.

Huquqbuzar aybiga iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, qonuniy yengillik berilishini so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudi I.E.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topdi. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Avvalroq Surxondaryoda it bolalarining quloqlarini uzib tashlagan yigit 10 sutkaga qamalgani xabar qilingandi. Yanvar oyida Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida fuqaro o‘z itini go‘shti uchun o‘ldirgani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat o‘rganilganda voqea 2025-yilning sentyabr oyida Yangiyo‘l shahri “Sabo” mahallasida yashovchi, 27 yoshli fuqaro tomonidan sodir etilgani aniqlanib, qamoqqa olingandi. Keyinchalik uni jazolash masalasi noma’lum muddatga qoldirilgandi.

  • Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jazo

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish, BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 million 236 ming so‘mdan 2 million 60 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 202-1-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ma’muriy javobgarlikdan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 50 baravarigacha (20 million 600 ming so‘mgacha) jarima yoki 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar