Daryo

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

18-mart kuni Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

2 daqiqa o‘qish7 494 ko‘rishlar0 izoh0

Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 18-martdagi yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, ayrim oziq-ovqat narxlari oshishi hisobiga inflyatsiya pasayishi sekinlashdi, bazaviy inflyatsiya esa oshdi: fevralda umumiy inflyatsiya yillik 7,3 foizni, bazaviy inflyatsiya 6,3 foizni tashkil etdi.

Yalpi talab hisobiga iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanmoqda, xususan yanvarda: chakana savdo 14,7 foizga, ulgurji savdo 15,6 foizga, umumiy ovqatlanish 18,9 foizga, sanoat 7,8 foizga, xizmatlar 14,8 foizga va qurilish 9,2 foizga oʻsdi. Geosiyosiy keskinliklar kuchayishi global taʻminot uzilishlari, energiya va oziq-ovqat narxlari hamda logistika xarajatlari oshishiga olib kelib, import orqali ichki inflyatsiyaga qoʻshimcha bosim yaratishi mumkin.

Asosiy savdo hamkorlari valyutalarining nisbatan barqaror shakllanishi boʻyicha ijobiy kutilmalar yaxshilanishi, oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, eksport tushumlari va pul oʻtkazmalari oʻsishining barqaror davom etishi milliy valyutaning real almashuv kursiga nisbatan sezilarli bosimlar yuzaga kelmasligini koʻrsatmoqda.

Iqtisodiyotda kreditlash surʼatlarining bosqichma-bosqich meʼyorlashuvi kuzatilmoqda. Pul-kredit sharoitlarining qatʼiyligi isteʼmol kreditlari segmentida makroprudensial choralarning qoʻllanilishi bilan birgalikda yalpi talab mutanosibligini taʼminlashga xizmat qiladi va narxlarga boʻlgan ortiqcha bosimni pasaytiradi.

“Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi”, deyiladi xabarda. 

​
Markaziy bank kelgusida ham inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Yuqorida qayd etilgan omillar yuzaga kelishi natijasida inflyatsiya target darajasiga erishishining kechikishi xatari paydo boʻlgan taqdirda pul-kredit sharoitlari yanada qatʼiylashtirilishi mumkin.


Аsosiy stavka — pul-kredit siyosatining asosiy instrumenti bo‘lib, inflyatsiyaning barqaror 5 foizlik targeti doirasida shakllanishini taʼminlash uchun zarur bo‘lgan pul-kredit sharoitlarini belgilab beradi. Аsosiy stavka banklararo pul bozoridagi qisqa muddatli pul narxini (UZONIA) belgilaydi, yaʼni tijorat banklarining bir-birlariga overnayt shartlarda qarz berish va qarz olish foiz stavkasining maqsadli ko‘rsatkichi hisoblanadi. Markaziy bank boshqaruvi iqtisodiy shart-sharoitlardan kelib chiqib asosiy stavkani yiliga sakkiz marta avvaldan belgilangan taqvim asosida koʼrib chiqadi va qarorlar qabul qiladi. 

Аsosiy stavka o‘zgarishi tijorat banklari foiz stavkalariga, iqtisodiyotga va inflyatsiyaga qanday taʼsir qiladi?

Аsosiy stavkaning o‘zgarishi banklararo overnayt foiz stavkalariga taʼsir qiladi va bu orqali pul bozoridagi boshqa uzoqroq muddatli foiz stavkalarining o‘zgarishiga olib keladi. Pul bozoridagi foiz stavkalarining oʼzgarishi, o‘z navbatida, tijorat banklarining kredit va depozit foiz stavkalari shakllanishiga taʼsir koʼrsatadi.

Markaziy bank asosiy stavkasining oshirilishi iqtisodiyotdagi foiz stavkalarini oshiradi. Yuqori foiz stavkalari jamg‘arish vositalarining jozibadorligini oshiradi hamda qarz vositalariga talabni kamaytiradi. Bunday sharoitda bozor ishtirokchilari ko‘proq jamg‘arib, kamroq sarflashda davom etadi. Tovar va xizmatlar taklifi o‘zgarmagan holda ularga bo‘lgan talabning pasayishi iqtisodiyotdagi narxlarning barqarorlashuviga va natijada inflyatsiya darajasining pasayishiga xizmat qiladi.

Аksincha, inflyatsiya prognoz davrida targetidan pasayib ketishi ehtimoli yuqori bo‘lgan taqdirda asosiy stavka pasaytiriladi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar